Bugun, 30 avgust kuni marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning o`g`li, shayx nomidagi masjid imom-xatibi Ismoil Muhammad Yusuf Ko`ksaroyda Prezident Shavkat Mirziyoevdan otasi uchun berilgan “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordenini qabul qilib oldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Aytish joizki, joriy yilning 27 iyun kuni O`zbekiston Prezidentining Farmoni bilan shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlangan. Farmonda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “o`zining serqirra faoliyati hamda beqiyos ilmiy-ma`rifiy merosi bilan islomiy tafakkur va madaniyatni ravnaq toptirish, muqaddas dinimizning ulug` insoniy g`oyalarini xalqimizga etkazish, mashhur ulamolarimizning bebaho asarlarini chuqur tadqiq etish, turli mamlakat va o`lkalarda keng targ`ib qilish borasidagi ko`p yillik samarali mehnati, xalqaro miqyosda dinlararo muloqotni yo`lga qo`yish, millat va elatlar o`rtasida hamjihatlik va ahillikni mustahkamlash, jamiyat hayotida ijtimoiy-ma`naviy muhit barqarorligini ta`minlashga qo`shgan ulkan hissasi, diniy va dunyoviy bilimlarni puxta egallagan etuk mutaxassislarni tayyorlash, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo`lidagi alohida xizmatlari uchun” mukofotlangani ma`lum qilingan.






