Bugun, 2 sentyabr – O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasi kuni.
Islom Abdug`anievich Karimov 1938 yil Samarqand shahrida tavallud topgan. U o`zbek xalqining ulug` farzandi, mustaqil O`zbekiston davlati asoschisi, mamlakatni 1989 yildan 2016 yilga qadar boshqargan davlat arbobi, kuchli siyosatchi, millat etakchisi.
Islom Karimov 1991 yil 31 avgustda O`zbekiston mustaqilligini e`lon qilgan. 1991 yil 29 dekabrda o`tkazilgan umumxalq saylovida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylangan.
Birinchi Prezident I. Karimov 2016 yil 2 sentyabr kuni og`ir xastalikdan so`ng 78 yoshida vafot etdi.
Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent shahrida sobiq Oqsaroy qarorgohi oldida (2017 yil 31 avgust), Samarqandda (2017 yil 2 sentyabr), Qarshida (2018 yil 30 yanvar) hamda Moskvada (2018 yil 18 oktyabr) uning haykallari tantanali ochilgan.
Shuningdek, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent xalqaro aeroporti, Farg`onadagi san`at saroyi, Asakadagi avtomobil zavodiga va bir qator ko`chalarga, jumladan, Termiz shahridagi markaziy ko`chalarning biriga Islom Karimov nomi berilgan.
Birinchi Prezident dunyoda kuchli siyosatchi sifatida tanilgan va O`zbekiston mustaqilligi asoschisi sifatida tarixda abadiy qoladi.






