AsosiyJamiyat

O`zbekistonda turli yoshdagi bolalarda 50 ga yaqin buyrak ko`chirib o`tkazish amaliyoti bajarildi

'O`zbekistonda turli yoshdagi bolalarda 50 ga yaqin buyrak ko`chirib o`tkazish amaliyoti bajarildi'ning rasmi

Bundan bir necha yil avval yurtimizda buyrak va jigar transplantasiyasi amaliyotlari o`tkazilmasligi bois bemorlar xorijiy mamlakatlarga davolangani borishga majbur edi.

Tabiiyki, ular bu jarayonda turli qiyinchiliklar va katta miqdordagi moliyaviy xarajatlarga duch kelishardi.

Keyingi yillarda tibbiyot, xususan, transplantasiya sohasini rivojlantirish va uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilayotgan e`tibor natijasida buyrak va jigar ko`chirib o`tkazish kabi murakkab amaliyotlarni O`zbekistonning o`zida bajarish yo`lga qo`yildi.

SSV matbuot xizmati xabariga ko`ra, 2017 yildan akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida buyrak transplantasiyasi bo`yicha operasiyalar muvaffaqiyatli bajarib kelinayotgan bo`lsa, 2021 yildan tibbiyotimiz tarixida ilk bor mahalliy mutaxassislar tomonidan jigar ko`chirib o`tkazish yo`lga qo`yildi.

Natijada yurtimizda ushbu noyob jarrohlik muolajalari orqali o`z salomatligini tiklagan bemorlar soni 15 barobarga ortib, yiliga 350 tani tashkil qildi. Qolaversa, 2017-2023 yillarda 1 100 ta buyrak transplantasiyasi va 70 dan ortiq jigar transplantasiyasi amalga oshirildi. Vaholanki, bu raqam 2017 yilda atigi 27 tadan iborat edi.

Shuningdek, mazkur yo`nalishda tajriba va ko`nikmalar oshirilib, bugungacha turli yoshdagi bolalarda 50 ga yaqin buyrak ko`chirib o`tkazish amaliyoti bajarildi.

Transplantasiya dasturining joriy etilishi nafaqat poytaxt, balki hududlarda ham ushbu yordam hajmini oshirish va tana a`zolari terminal shikastlangan bemorlarni davolash natijalarini yaxshilash imkonini berayotir.

Bundan tashqari, yurtimizda inson organlarini ko`chirib o`tkazish sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash tizimi ham samarali yo`lga qo`yildi. Ayni paytda ular xorijiy davlatlarda malaka oshirib, chet ellik mutaxassislar bilan qo`shma jarrohlik amaliyotlarida ishtirok etmoqda.

2022 yil may oyida soha rivoji yo`lida yana bir muhim qadam tashlandi: Prezidentimiz tomonidan “Inson a`zolari va to`qimalarining transplantasiyasi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonuni imzolandi.

 Mazkur hujjat transplantasiyani amalga oshirishning maqsad va shartlari, ob`ektlari, donorlar doirasi hamda donor va resipientning huquqlarini belgilab berdi. Uni tayyorlashda AQSh, Germaniya, Polsha, Rossiya, Belarus va Ukraina kabi davlatlarning bu boradagi qonunchiligi atroflicha o`rganildi.

Bir so`z bilan aytganda ushbu qonun yurtimizda sohaning normativ-huquqiy bazasini mustahkamlashga xizmat qildi.


 

Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.

 

    Boshqa yangiliklar