AsosiyJamiyat

Dehlida Abu Rayhon Beruniy haykali o`rnatiladi

'Dehlida Abu Rayhon Beruniy haykali o`rnatiladi'ning rasmi

Hindiston poytaxtida joylashgan Jamiya Milliya Islamiya (Jamia Millia Islamia - JMI) universiteti hududida buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy haykali o`rnatiladi.

O`zbekiston elchisi Dilshod Ahatov va universitet rektori professor Najma Axtar uchrashuvi chog`ida bu haqda kelishuvga erishildi.

2020 yil faoliyatining 100 yilligini nishonlagan Jamiya Milliya Islamiya universiteti mamlakatning etakchi oliy ta`lim maskanlaridan biri hisoblanadi va uning faoliyati markaziy hukumat tomonidan moliyalashtiriladi. Bu erda huquq, gumanitar fanlar va tillar, nafis san`at, tabiiy fanlar, ijtimoiy fanlar, injeneriya va texnologiyalar, ta`lim, me`morchilik, stomatologiya, boshqaruv tadqiqotlari kabi qator yo`nalishlarda mutaxassislar tayyorlanadi. 20 ming nafar talabaga 1000 nafar professor va o`qituvchilar dars beradi.

O`quv jarayonida Sharq olimlari, jumladan, buyuk o`zbek allomalarining noyob asarlarini o`rganishga ham katta e`tibor qaratiladi. Ta`lim maskanining ikkita binosi Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sino nomlari bilan atalgan.

Uchrashuv chog`ida professor Najma Axtar Abu Rayhon Beruniyning boy ilmiy merosiga yuqori baho berib, uning «Kitob ul-hind» asari Hindiston haqida yozilgan ilk noyob ilmiy asarlardan biri ekanini ta`kidladi. Shu bois qomusiy olim haykali uning jahon hamjamiyati, jumladan, hind xalqi oldidagi xizmatlarining yuksak e`tirofi ramzi bo`ladi.

Abu Rayhon Beruniy haykalini oliy bilim yurtining huquqshunoslik, xorijiy tillar departamenti, dizayn va innovasiya departamenti, arab-hind madaniyat markazi va boshqa bo`linmalari tutashgan gavjum maydonchada o`rnatish rejalashtirilmoqda. Haykal universitetga O`zbekiston tomonidan taqdim etiladi.

Muloqot chog`ida mamlakatimiz oliy o`quv yurtlari va Jamiya Milliya Islamiya o`rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Jumladan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti (TDShU) va JMI o`rtasida imzolangan Ahdlashuv memorandumi doirasida Toshkentga hind va urdu tillari bo`yicha ikki nafar mutaxassisni jo`natish va, o`z navbatida, TDShUning ikki nafar mutaxassisini hind universitetiga yuborish bo`yicha yakdil fikr bildirildi. O`zbekistonlik o`qituvchilar Jamiya Milliya Islamiya huzurida 2004 yilda ochilgan o`zbek tili kurslarida yoshlarga saboq beradi.

Shuningdek, O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti (O`zJOKU) va JMI huzuridagi Ommaviy kommunikasiyalar tadqiqot markazi o`rtasida hamkorlikni yo`lga qo`yish istiqbollarini o`rganish uchun ikki oliy o`quv yurtlari o`rtasida o`zaro delegasiya almashinadigan bo`ldi.

Eslatib o`tamiz, avgust oyi oxirida davlatimiz rahbarining «Abu Rayhon Beruniy nomidagi YuNESKO — O`zbekiston xalqaro mukofotini ta`sis etishni qo`llab-quvvatlash to`g`risida»gi qarori qabul qilindi. Shuningdek, 4-8 sentyabr kunlari Parij shahrida buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini nishonlash doirasida xalqaro ko`rgazma hamda tadbirlar o`tkazilishi rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar