AsosiyJamiyat

O`zbekistonda mehmonxonalarga yulduz toifasini berish bo`yicha yangi davlat standarti qabul qilindi

'O`zbekistonda mehmonxonalarga yulduz toifasini berish bo`yicha yangi davlat standarti qabul qilindi'ning rasmi

O`zbekistonda yulduz toifasiga ega mehmonxonalarga doir talablarni belgilaydigan davlat standarti qabul qilindi. Bu haqda Turizm qo`mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, prezident qaroriga ko`ra, 2023 yil 1-oktyabrgacha xorijiy konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda kamida 50 ta mehmonxonaga “to`rt yulduz” va 200 tasiga “uch yulduz” olib berish choralarini ko`rish vazifasi belgilangan.

Shu sababli Turizm qo`mitasi tomonidan turizm sohasi ilg`or rivojlangan davlatlarning mehmonxonalarga yulduz toifasini belgilovchi hujjatlarining talablari o`rganildi.

O`rganish natijasida, amaldagi davlat standarti talablari qayta ko`rib chiqildi va balli tasniflash orqali yulduz toifasini beruvchi yangi standart loyihasi O`zbekiston mehmonxonalar uyushmasi bilan birgalikda ishlab chiqildi. Yangi davlat standartiga kiritilgan talablar Hilton, Hampton by Hilton, Hyatt Regency Tashkent, Wyndham Hotels & Resorts mehmonxonalari biznes vakillari va boshqa mehmonxona vakillari bilan kelishildi.

Ushbu davlat standarti mehmonxonalarni balli asosda tasniflash tizimini belgilaydi. Toifalar “*” (yulduz) belgisi bilan belgilanadi va beshta toifa bo`yicha tasniflanadi. Joylashtirish vositalari uchun – eng yuqori toifa “*****” (besh yulduz) va eng past “*” (bitta yulduz) hisoblanadi.

Joylashtirish vositalari mazkur davlat standartining ilovasiga muvofiq tasniflanadi. Bunda “m” bajarilishi majburiy bo`lgan talablarni belgilaydi. Majburiy bo`lmagan talablar bajarilganda esa qo`shimcha ball beriladi. Ballar yig`indisiga ko`ra tegishli yulduz toifasi beriladi.

Yangi davlat standarti 2023 yilning 7 noyabridan amalga joriy etiladi.

    Boshqa yangiliklar