AsosiyJamiyat

Endi O`zbekistonda "Ibratli oila” ko`krak nishoni beriladi

'Endi O`zbekistonda "Ibratli oila” ko`krak nishoni beriladi'ning rasmi

Hukumat qarori bilan “Ibratli oila” ko`krak nishonini berish tartibi belgilandi.

Qarorga ko`ra, ushbu ko`krak nishoni bilan farovon va barqaror oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish, oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga munosib hissa qo`shgan namunali oilalar taqdirlanadi.

Shunga muvofiq:

- Har yili 1 martgacha Xotin-qizlar faollari, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyalari tomonidan ko`krak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflar shakllantiriladi.

Takliflar tuman (shahar) kambag`allikni qisqartirish va bandlik bo`limlariga taqdim etiladi.

- Har yili 15 martgacha nomzod oilalar har tomonlama o`rganilib, 15 aprelgacha eng munosiblari bo`yicha yakuniy xulosa qabul qilinadi.

Nomzod oilalar tanlanayotganda, jumladan, quyidagilarga alohida e`tibor qaratiladi:

- oilada va jamoat joylarida kutubxonalar tashkil etgan;

- oila a`zolari ilmli, ziyoli bo`lgan, shuningdek, ilmiy darajaga ega bo`lgan;

- ota-onasi qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni farzandlikka, vasiylikka, homiylikka olgan;

- oilaviy sport bilan shug`ullanib, respublika va xalqaro darajadagi yutuqlarga erishgan;

- oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yo`lga qo`yib, iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qo`shayotgan.

Ko`krak nishoni bilan mukofotlangan oilalar 15 may – Xalqaro oilalar kuni bayrami arafasida tantanali taqdirlanadi.

Taqdirlangan ibratli oilalarga BHMning 4 baravari miqdorida bir yo`la to`lanadigan pul mukofoti beriladi.

Ko`krak nishoni bilan taqdirlangan oilalar yashaydigan xonadonlar va uy-joylarning kirish qismiga “Ibratli oila” belgisi o`rnatiladi.

Bir oila ko`krak nishoni bilan bir marta taqdirlanadi.

    Boshqa yangiliklar