O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazarov Sherali Jo`raev haqida gapirdi.
Muftiy Sherali Jo`raevning janozasiga yig`ilganlarga prezidentning ta`ziyasini etkazdi. Shuningdek, Sherali Jo`raev haqidagi xotiralar bilan bo`lishdi. Nuriddin Xoliqnazarov hofiz Ka`baga kirgan kunini ikkinchi tug`ilgan kuni sifatida belgilaganini eshitganida qoyil qolganini qayd etdi.
“Bugun hammamiz uchun qadrli bo`lgan, hammamizning bevosita tariximiz bilan chambarchas bog`liq bo`lgan buyuk hofiz nafaqat O`zbekistonda, balki butun Movarounnahrda buyuk Turon xalqi ichida e`zozu ikromga ega bo`lgan Sherali hoji Jo`raevning janozalarida to`planib turibmiz. Alloh taolo ularning oxiratlarini obod qilsin, qilgan yaxshi amallarini o`zlariga hamroh qilsin. Janoza namozi, azizlar, marhumlarning tiriklardagi haqqi hisoblanadi. Biz bugun haqqimizni ado qilgani to`plandik va shuning bilan birga ta`ziya izhor qilamiz.
Biz bugun marhumning yaqinlariga, oila a`zolariga, shogirdlariga, adiblar va butun xalqimizga ta`ziya izhor qilamiz. Eng avvalo men omonat ta`ziyani etkazib qo`ymog`im lozim. Prezidentimiz meni vakil sifatida ushbu janozada Sherali Jo`raevning yaqinlari, qarindoshlari, butun san`at ahillariga chuqur ta`ziyalarini etkazishni so`radi. Xonadon ahllari va barcha yaqin azizlarining qayg`usiga sherik ekanliklarini izhor qildi.
Turkiyadan davolanib kelganida uyiga borib, ko`rishdim. Shunda Sherali akam menga bir gapni aytdilar, bir duo so`radilar. Yurtboshimiz haqlariga duo qilishimni so`radilar. Haqiqatan ham davlatimiz rahbari ko`p harakat qildi. Pandemiya paytida ikki marta kovid bo`ldilar. O`sha mahalda ham alohida o`zlari nazoratga olib turdilar. Kuni kecha harbiy gospitalga yotganida ham qayg`urib, hamma sharoitni qilib turdilar.
Marhum hofizimiz 77 yoshda bandalikni bajo keltirdi. Oddiygina cho`pon oilasida tavallud topgan yigit kelajakda xalq sevadigan, xalqning qalbidan joy oladigan hofizga aylandi. Sherali akam alohida maktab yaratib ketdilar. Ularning qo`shiqlari insonlarning qalbini junbishga keltiradi. Shuningdek, mumtoz adiblarimiz, adabiyotimizning juda ko`pini xalqqa tanitdi. Ayniqsa, “O`zbegim” yoki “Inson qasidasi” hech qachon esdan chiqmasa kerak. Shunday qiyin davrlarda millatining, xalqining dardini kuylay olgan hofizimiz butun xalqni qalbiga vatan, millat, din muhabbatini joyladi. “Alloh-Alloh” deb atalgan qo`shiqlari bilan Allohga bo`lgan muhabbatni ziyoda qildilar. Marhum Sherali janoblari kechalari qoyim edilar. Hamma tanishlaridan so`rang, kechasi uxlamasdan namoz o`qishligini aytadi. Qur`onga oshiq edilar. Hattoki bir hurmatli shoirimizdan eshitdimki, o`zim eshitmagan ekanman, qoyil qoldim, haqlariga duo qildim — 12 aprelda Ka`baga kirgan ekanlar. Shu kunni ikkinchi tug`ilgan kunim deb alohida e`tibor qilar ekan.
Ko`p zahmatlarni ham boshidan o`tkazdi. Ammo yangi rahbarimiz ularning zahmatlarini munosib qadrladi”, — deydi muftiy Nuriddin Xoliqnazarov.