Prezident Shavkat Mirziyoev Buxoro viloyatida aholi bandligini ta`minlashga doir takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari viloyatlarga tashriflari chog`ida birinchi galda ishsizlik masalasiga e`tibor qaratib, uni kamaytirishni asosiy vazifa qilib qo`yadi. Bu borada barcha hududlarda manzilli dasturlar amalga oshirilmoqda.
Hozirgi kunda Buxoro viloyatida 1 milliondan ziyod mehnatga layoqatli aholi bo`lib, shundan 76 ming nafari ishsiz. Har yili mehnat bozoriga 37 mingga yaqin yoshlar kirib kelmoqda. Bularning hammasini inobatga olib, Buxoro viloyatini 2023-2025 yillarda aholisi to`liq ish bilan ta`minlangan hududga aylantirish maqsad qilingan.
Buning uchun imkoniyatlar etarli. Masalan, paxta-to`qimachilik va g`allachilik klasterlari. Buxoroda 11 ta shunday tashkilot bo`lib, ular tomonidan sanoat va qishloq xo`jaligida 94 mingta, shu jumladan, kasanachilikni rivojlantirish orqali 19 mingta ish o`rni ochilishi mo`ljallanmoqda.
Mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik, chorvachilik, savdo va xizmat ko`rsatish yo`nalishlarida 57 ta mikromarkaz, ishsizlik yuqori bo`lgan 98 ta mahallada kichik tikuv sexlarini tashkil etish ko`zda tutilmoqda.
Joriy yilda 15 ming gektar ekin erlarini qayta foydalanishga kiritish imkoniyati ham bor. Bu erlar yangi dehqon xo`jaliklari tashkil etish uchun aholiga ochiq elektron tanlov asosida taqdim etiladi. Shuningdek, davlat aktivlarini auksionga chiqarish, ularning negizida ish o`rinlarini ko`paytirish bo`yicha takliflar bildirildi.
Umuman, ushbu chora-tadbirlar natijasida joriy yilda 250 mingta ish o`rni yaratilishi, 2023-2025 yillarda Buxoro viloyati aholisi to`liq ish bilan ta`minlangan hududga aylantirilishi qayd etildi.
Taqdimotda Hindiston bilan hamkorlikda Qorako`l tumanida IT-klaster tashkil etish loyihasi haqida ham axborot berildi.
Davlatimiz rahbari mazkur takliflarni ma`qullab, qo`shimcha topshiriqlar berdi.






