Joriy yilning 22 oktyabr kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasining vakolatli vakili Markaziy saylov komissiyasiga siyosiy partiya tomonidan ko`rsatilgan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni ro`yxatga olish uchun zarur hujjatlarni taqdim qildi.
Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi a`zolari, siyosiy partiya va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Qonunchilikka asosan siyosiy partiya rahbarining Markaziy saylov komissiyasiga O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni ro`yxatga olishni iltimos qilib yozgan arizasi tadim etildi.
Arizaga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi VIII s`ezdining O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko`rsatish to`g`risidagi qarori, s`ezdning O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko`rsatish to`g`risidagi bayonnomasi, partiya tomonidan ko`rsatilgan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning o`z nomzodi ovozga qo`yilishiga rozi ekanligi to`g`risidagi arizasi, shuningdek O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni qo`llab-quvvatlovchi saylovchilarning imzo varaqalari ilova qilindi.
Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt ko`rsatilgan ma`lumotnoma berdi. Taqdim etilgan hujjatlarning qonunda belgilangan muddatda saylov qonunchiligi talablariga muvofiqligini ko`rib chiqiladi.
Hozirgi kunda Markaziy saylov komissiyasida imzo varaqalarining to`g`ri to`ldirilganini tekshirish yuzasidan ichki ishlar, adliya organlarining, aholini hisobga olish bilan shug`ullanuvchi muassasalarning mutaxassislari, shuningdek jamoatchilik vakillaridan iborat ekspertlar guruhlari o`z ishini davom ettirmoqda.
Avvalroq saylovda ishtirok etuvchi qolgan uchta siyosiy partiyalarning vakillari Markaziy saylov komissiyasiga O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko`rsatilgan nomzodlarini ro`yxatga olish uchun zarur hujjatlar taqdim qilganliklari haqida xabar bergandik.





