O`zbekistonda birinchi marta Samarqand shahrida turizm mahallasi ochildi – u erdagi “Bog`i baland” mahallasiga “turizm mahallasi” maqomi berildi. Bu haqda Madaniyat va turizm vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, Samarqanddagi tadbirda nutq so`zlagan Turizm qo`mitasi raisi Umid Shodiev yangi turizm mahallasi mahalliy va xorijlik turistlar sonini yanada oshirishga xizmat qilishini ta`kidlagan.
“Mazkur “turizm mahallasi”ni tashkil etish orqali Samarqand viloyatining ekologik muhiti yanada yaxshilanadi, – dedi Umid Shodiev. – Shuningdek, mahalla aholi uchun yangi dam olish maskani hisoblanadi. Qolaversa, qo`shimcha ish o`rinlari ham yaratildi”.
Ta`kidlash joizki, yangi turizm mahallasi hududida 15 ta dam olish maskani mavjud bo`lib, sayyohlar uchun yo`l ko`rsatkichlari, stella va bog` xaritasi o`rnatilgan. Shuningdek, har xil turdagi manzarali va mevali daraxtlar, gul ko`chatlari ekilgan.
Shu bilan birga, turizm mahallasida anjir va anjir mahsulotlaridan tayyorlangan shirinliklar, quritilgan va konservalangan mahsulotlar savdosi, hunarmandchilik mahsulotlari ko`rgazmasi va savdosi tashkil etildi.
Bundan tashqari, turizm axborot markazi faoliyati yo`lga qo`yilib, turistlar uchun zaruriy barcha ma`lumotlar joylashtirildi.
Ma`lumot uchun, Samarqanddagi "Bog`i baland" Sohibqiron Amir Temur asos solgan va bugungacha saqlanib qolgan mashhur bog`lardan biridir. Ayni damda bog` hududidagi avloddan-avlodga o`tib kelayotgan 40 gektarlik bog`da 10 mingdan ortiq sariq va qora anjir daraxtlari etishtiriladi. Mevalar ekologik jihatdan toza, chunki ularni etishtirishda kimyoviy moddalar va dorivorlardan foydalanilmaydi.
Hududdagi dam olish maskanlari, sanoat turizmi, agroturizm, etnoturizm, ziyorat, tibbiyot va arxeologik turizm obektlari sayyohlarning sevimli manziliga aylangan, deyiladi xabarda.






