Imzo varaqalari to`g`ri to`ldirilganligini tekshirish bo`yicha ekspertlar guruhlari o`z ishini davom ettirmoqda

Jamiyat 22.10.2016, 11:37
Imzo varaqalari to`g`ri to`ldirilganligini tekshirish bo`yicha ekspertlar guruhlari o`z ishini davom ettirmoqda

Hozirgi kunda Markaziy saylov komissiyasida siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari to`g`ri to`ldirilganligini tekshirish bo`yicha ekspertlar guruhlari o`z ishini davom ettirmoqda. Ularning tarkibida ichki ishlar, adliya organlarining, aholini hisobga olish bilan shug`ullanuvchi muassasalarning mutaxassislari, shuningdek jamoatchilik vakillari bor.

Qonunga asosan tekshirish uchun imzo varaqalari tanlash yo`li bilan ajratib olinishi mumkin. Bunda tekshirish uchun har bir siyosiy partiya tomonidan ko`rsatilgan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni qo`llab-quvvatlab to`plangan saylovchilar imzolarining teng miqdordagi soni ajratib olinadi.

Saylovchilar imzolari va saylov varaqalariga imzo qo`ygan saylovchilar to`g`risidagi tegishli ma`lumotlar zarur miqdorining kamida 15 foizi tekshiruvdan o`tkaziladi.

Ekspertlar guruhi a`zolari har bir imzo varaqasini ko`zdan kechiradilar, bunda ularning to`g`ri to`ldirilganligiga, yo`l qo`yilgan tuzatishlar, o`chirib yozilgan joylar mavjudligiga, turli shaxslar tomonidan to`ldirilganligiga, o`xshash imzolar, qo`shimcha imzo bilan tasdiqlangan tuzatishlar mavjudligiga alohida e`tibor beradilar.

Ko`zdan kechirish paytida kamchiliklari aniqlangan yoki shubha tug`diradigan noaniqliklari mavjud imzo varaqalari batafsil tekshirish uchun ajratib olinadi.

Ekspertlar guruhi imzo varaqalarini tekshirishni o`tkazayotgan xonada siyosiy partiyalarning vakillari hozir bo`lmoqda.

Tekshirish tugaganidan so`ng bayonnoma tuzilib, unda saylovchilarning taqdim etilgan imzolari soni, saylovchilarning tekshirilgan imzolari soni, saylovchilarning noaniq va haqiqiy emas deb topilgan imzolari soni ko`rsatiladi. Bayonnomaning nusxasi siyosiy partiyaning vakiliga beriladi.

Ushbu bayonnoma Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorini qabul qilish uchun asos hisoblanadi va unga ilova qilinadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1