So`nggi yillarda O`zbekistonda kuchli ijtimoiy-iqtisodiy salohiyat shakllanmoqda. O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan besh muhim yo`nalish bo`yicha “O`zbekiston-2030» milliy rivojlanish strategiyasi tasdiqlandi. Mazkur yangi strategiyani amalga oshirish uchun mamlakatimiz aholisining barcha qatlamlarining sa`y-harakatlarini muvofiqlashtirish zarur.
Hozirgi kunda kuzatilayotgan global, milliy va hatto mintaqaviy iqtisodiy hamda ijtimoiy tendensiyalardagi o`zgarishlar boshqaruv va qarorlarni qabul qilishning barcha darajalarida kompleks strategik yondashuv qo`llanishini talab qiladi. Strategik mazmundagi hujjatlar mamlakat darajasida ham, tarmoq va hududlar miqyosida ham, qator milliy korporasiyalarda ham ishlab chiqilayotganiga qaramay, ular strategiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirishning yagona metodologiyasi asosida yanada takomillashtirishga muhtoj.
Buning uchun professional strateg-mutaxassislar tayyorlash tizimini yaratish zarur. Ushbu maqsadga erishish uchun mamlakatimizning etakchi universiteti – Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Inomjon Majidov akademik Vladimir Kvint bilan uchrashuvi davomida Milliy universitetda Strategiya kafedrasini yaratish g`oyasini qo`llab-quvvatladi.
O`zMU Strategiya kafedrasining uslubiy va ilmiy-pedagogik bazasini shakllantirish uchun Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universitetining 17 yildan beri muvaffaqiyatli faoliyat yuritib, professional strateglar avlodini tayyorlab kelayotgan kafedrasi tajribasidan foydalanishga qaror qilindi.
O`z navbatida, Rossiya strategiya maktabining asoschisi, strategiya nazariyasi va strategiyalash metodologiyasi bo`yicha dunyodagi eng yirik mutaxassis, akademik Vladimir Lvovich Kvint O`zbekistonda tashkil etilayotgan Strategiya kafedrasini ilmiy rahbar sifatida boshqarishga tayyorligini tasdiqladi. Akademik V.L. Kvint tomonidan ishlab chiqilgan strategiya nazariyasi va strategiyalash metodologiyasi dunyoning ko`plab mamlakatlarida va so`nggi 15 yil ichida Rossiyada strategiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirish amaliyotida ham, o`quv jarayonlarida ham muvaffaqiyatli qo`llanilmoqda.
Amaliy strategiyalarni ishlab chiqish va strategiyani fan sifatida ishlab chiqqani uchun V.L.Kvint bir qator mukofotlar, jumladan, “Do`stlik” ordeni bilan taqdirlangan, “Amir Temurning strategik etakchiligi: Tuzuklarga sharhlar” fundamental ilmiy ishi uchun esa 2023-yil 25 avgustda O`zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Rossiya Prezidenti V.V.Putin Vladimir Lvovichning xizmatlarini e`tirof etib, yuksak davlat mukofoti – Aleksandr Nevskiy ordeni bilan taqdirladi.
Professional strateglarni tayyorlash dasturi strategiyani ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonining turli jihatlarini ochib beruvchi uslubiy asoslardan tortib tarmoq, hududiy, korporativ strategiya, strategik etakchilik va inson resurslarini strategik boshqarish kabi 35 ta fanni o`z ichiga oladi. Strategiya kafedrasi dasturi bo`yicha tahsil oluvchi talabalar iqtisodiy, moliyaviy va texnologik strategiya asoslari bo`yicha to`g`ridan-to`g`ri ushbu ilmiy maktab asoschisidan, shuningdek, milliy, tarmoq, hududiy va korporativ darajadagi mintaqaviy strategiyalarni o`qitish va ishlab chiqish tajribasiga ega bo`lgan etakchi mutaxassislardan saboq olish imkoniyatiga ega bo`ladilar.
Strategiya kafedrasining tashkil etilishi davlat xizmati uchun ham, mamlakatimizdagi kompaniyalar uchun ham professional strateglarni tayyorlash bo`yicha O`zbekiston Milliy universitetini O`zbekistonda etakchiga aylantiradi.






