"Sog`liqni saqlash vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi Prezident Farmoni qabul qilindi. Bu haqda Huquqiy axborot xabar bermoqda.
Farmon bilan Aholining sog`lom turmush tarzini qo`llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi Salomatlik va strategik rivojlanish instituti etib qayta tashkil qilindi.
Institutning asosiy vazifalaridan biri sog`lom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli bo`lmagan kasalliklarga qarshi kurashish hamda oldini olish bo`yicha dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish hisoblanadi.
Farmonga ko`ra, quyidagilar ishlab chiqiladi:
- 2024-2026 yillarda sog`lom turmush tarzini shakllantirish, to`g`ri ovqatlanishni tizimli targ`ib qilish va ommalashtirish dasturi;
- 2023 yil yakunigacha “Aholi salomatligi – 2030” milliy strategiyasi.
Shuningdek, quyidagilar Sog`liqni saqlash vazirligi tuzilmasiga o`tkaziladi:
- Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi;
- 2024 yil 1 yanvardan Davlat tibbiy sug`urtasi jamg`armasi.
2026 yil yakunigacha tibbiy sug`urta respublika bo`ylab to`liq joriy etiladi.
- 2024 yil 1 yanvardan Vazirlik huzurida quyidagilarni birlashtirish orqali yuridik shaxs maqomiga ega bo`lmagan
-Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg`armasi faoliyati yo`lga qo`yiladi:
- Onkogematologik va davolash qiyin bo`lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog`lomlashtirishga ko`maklashish jamg`armasi;
- Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg`armasi;
- Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo`llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg`armasi;
- Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo`yilgan bemor bolalarni qo`llab-quvvatlash jamg`armasi.
2024 yil 1 yanvardan Sog`liqni saqlash vazirligi markaziy apparati tuzilmasida Tibbiyotni rivojlantirish jamg`armasi direksiyasi tashkil etiladi.






