1

O`zbekiston Prezidentining “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoniga sharh

Jamiyat 22.10.2016, 15:12
Teglar: Sud
O`zbekiston Prezidentining “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoniga sharh

Mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlar sud-huquq sohasini demokratlashtirish va erkinlashtirishga, sud hokimiyatining fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi roli va ahamiyatini oshirishga zamin yaratdi. 

Shu bilan birga, mamlakatni rivojlantirishning zamonaviy talablari va strategik ustuvor vazifalari sud-huquq tizimini yanada takomillashtirishni talab etadi. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni mazkur sohadagi davlat siyosatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarib, quyidagi uchta asosiy ustuvor yo`nalishlarni belgilab berdi: 

sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta`minlash; 

fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish; 

odil sudlovga erishish darajasini oshirish. 

Mazkur ustuvor yo`nalishlarni amalga oshirish maqsadida sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining muhim vazifalari etib: 

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 112-moddasida belgilangan sudyalar mustaqilligi, ularning faqat qonunga bo`ysunishi va odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga og`ishmay amal qilinishini ta`minlash; 

fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularga tajovuz qilish holatlari yuzasidan barcha zarur choralarni ko`rish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko`rib chiqish tartibini buzish va sansalorlikka yo`l qo`ymaslik; 

tegishli axborotni o`z vaqtida jamoatchilikka etkazish orqali faoliyatning ochiqligi va shaffofligini ta`minlash, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari hamda aholi bilan hamkorlik samaradorligini oshirish; 

huquqni qo`llash amaliyoti va amaldagi qonunchilikni takomillashtirish orqali tizimli kamchilik va qonunbuzilishlarni aniqlash va bartaraf etish, ish faoliyatiga ilg`or ilmiy-texnika vositalari hamda axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy qilish; 

idoraviy nazoratni kuchaytirish, xodimlar o`rtasida suiiste`molchilik va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga chek qo`yish, kadrlar tarkibini sifat jihatidan yaxshilash, kadrlarni tanlashning eng munosib nomzodlarni ishga qabul qilishni ta`minlaydigan zamonaviy mexanizmlarini joriy etish belgilandi. 

Farmonga muvofiq sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta`minlash, kasbiy nufuzini oshirish, yuqori malakali va samarali faoliyat yurituvchi sud korpusini shakllantirish maqsadida ilk bor sudyalarning vakolat muddatlari qayta ko`rib chiqildi. 

Xususan, sudyalik lavozimiga birinchi marotaba besh yil muddatga va keyin o`n yil muddatga, shundan so`ng muddatsiz tayinlash (saylash)ni nazarda tutuvchi tartib joriy etildi. 

Kiritilayotgan bu o`zgartishlar xalqaro standartlar va rivojlangan demokratik davlatlarning ilg`or tajribasiga to`liq mos keladi. 

Shu bilan birga, Farmon bilan 2017 yilning 1 aprelidan jinoyat, jinoyat-prosessual, fuqarolik prosessual va boshqa qonun hujjatlariga inson huquq va erkinliklari ustuvorligini ta`minlash, sud muhokamasini adolatli va o`z vaqtida o`tkazish, jazoning adolatli va insoniyligi kafolatlarini kuchaytirishni inobatga olgan holda odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator o`zgartishlar kiritilmoqda. 

Jumladan, qamoq tarzidagi jinoiy jazo turi tugatilib, uning o`rniga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazoning muqobil turlarini qo`llash imkoniyati kengaytirilmoqda. 

Ya`ni jinoiy jazolar tizimidan nisbatan qattiq ta`sir choralaridan biri chiqarilayotganligi jinoiy jazolarni liberallashtirishga, huquqbuzarlarga nisbatan tarbiyaviy-tuzatish ta`sir choralarining ilg`or shakl va uslublarini keng qo`llash bo`yicha olib borilayotgan siyosatning mantiqiy davomi hisoblanadi. 

Jinoyat prosessida fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini kuchaytirish, jinoyat ishlarini tergov qilishning tezkorligini oshirish doirasida:

jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxslarni ushlab turish muddati 72 soatdan 48 soatga; 

qamoqqa olish va uy qamog`i tarzidagi ehtiyot choralarini qo`llashning, shuningdek jinoyat ishlari bo`yicha dastlabki tergovning eng ko`p muddatlari 1 yildan 7 oyga qisqartirilmoqda. 

Ushbu choralarning joriy etilishi, bir tomondan, fuqarolarning erkinligini asossiz cheklash holatlaridan himoya qilinishini, ikkinchi tomondan, surishtiruv va tergov organlarining mas`uliyati va faoliyati samaradorligi oshishini ta`minlaydi. 

“Xabeas korpus” instituti qo`llanishini yanada kengaytirish doirasida prokurorlarning pochta-telegraf jo`natmalarini xatlab qo`yish va eksgumasiya qilish kabi tergov harakatlarini o`tkazishga sanksiya berish bo`yicha vakolatlari sudlarga o`tkazilmoqda. 

Bu o`zgartishlar insonning shaxsiy huquq va erkinliklari daxlsizligi, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo`yishga hech kim haqli emasligi haqidagi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi hamda xalqaro huquqning umume`tirof etilgan prinsip va normalariga to`la mos keladi. 

Bundan tashqari, sudga qamoqqa olish yoki uy qamog`i tarzidagi ehtiyot chorasini qo`llash rad etilgan taqdirda muqobil ehtiyot chorasini qo`llash imkoniyati berilmoqda. 

Sudda ish yuritish tezkorligi va sifatini oshirish, ish bo`yicha yakuniy qarorlar qabul qilish muddatlarini asossiz kechiktirishni bartaraf etish, sudlarning jinoyat prosessidagi rolini oshirishga qaratilgan yangilik sifatida sud tomonidan jinoyat ishini qo`shimcha tergovga qaytarish institutining bekor qilinayotganligini alohida ta`kidlash joiz. 

Fuqarolik ishi bo`yicha sud qarorini nazorat tartibida qayta ko`rib chiqish imkoniyatini beruvchi muddatning 3 yildan 1 yilga qisqartirilishi esa, fuqarolik huquqiy munosabatlarning barqarorligi, fuqarolik prosessi ishtirokchilarining huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta`minlashga xizmat qiladi. 

Sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini qayta ko`rib chiqishning amaldagi tizimini takomillashtirish, shuningdek sud prosessi muddatlari va sifatiga salbiy ta`sir ko`rsatuvchi ortiqcha oraliq instansiyalarni bartaraf etish maqsadida Farmonda viloyat darajasidagi sudlar tomonidan fuqarolik va jinoyat ishlarini nazorat tartibida qayta ko`rish bo`yicha bir-birini takrorlovchi instansiyalari tugatilib, o`z navbatida, tegishli sud raislari va prokurorlarning nazorat tartibida protest keltirish vakolati bekor qilinishi nazarda tutildi. 

Shu bilan birga, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ishlarni nazorat tartibida ko`rishga oid bir-birini takrorlovchi vakolatlari bekor qilinmoqda. 

Ortiqcha va bir-birini takrorlovchi instansiyalarning bekor qilinishi aynan bir nazorat instansiyasi tomonidan ishlarning bir necha bor ko`rib chiqilishini oldini oladi, sud qarorlarining uzil-kesilligi va barqarorligini ta`minlab, fuqarolarning sudlarga bo`lgan ishonchini yanada oshiradi. 

Shuningdek Farmonda viloyat xo`jalik sudlarining qarorlarini o`zlari tomonidan qayta ko`rish vakolatini cheklash maqsadida ushbu sudlar tizimida mintaqaviy apellyasiya sudlarini tashkil etish nazarda tutildi. 

Farmonning sud hokimiyati mustaqilligi asoslarini mustahkamlovchi alohida ahamiyatli tomoni adliya organlarining umumiy yurisdiksiya sudlari faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta`minlash bo`yicha vazifa va vakolatlari O`zbekiston Respublikasi Oliy sudiga o`tkazilayotganidir. 

Ushbu chora sudlarning mustaqilligi va ularning faoliyatiga aralashmaslikning qo`shimcha kafolatlarini yaratadi. 

Shu bilan birga, Farmonga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo`jalik sudi, Bosh prokuraturasi va boshqa manfaatdor idoralarga 2017 yil 1 iyulga qadar ilg`or xorijiy tajribani o`rgangan holda quyidagi masalalar bo`yicha asoslantirilgan takliflar tayyorlash topshirildi: 

sud-prokuror xodimlarining malakasini oshirish va rahbar kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish; 

prosessual harakatlarni amalga oshirishda voyaga etmaganlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, jinoiy jazolarni liberallashtirish, shuningdek sudlanganlik holatini tugatish va sudlanganlikni olib tashlash muddatlari va asoslarini qayta ko`rib chiqish;

o`zbek xalqining ezgulik va rahmdillik kabi ko`p asrlik an`analariga mos bo`lgan yarashuv institutini jinoyat prosessida qo`llash doirasini kengaytirish. Bu norma qonunni chetlab o`tgan, sodir etgan qilmishidan pushaymon bo`lgan va etkazilgan ziyonni qoplagan fuqarolarni javobgarlikdan ozod qilish imkonini beradi; 

ijtimoiy xavfi katta bo`lmagan ayrim turdagi jinoyat tarkiblarini jinoyat toifasidan chiqarish; 

jabrlanuvchining arizasi asosida jinoyat ishi qo`zg`atilishi mumkin bo`lgan jinoyat tarkiblari ro`yxatini kengaytirish; 

elektron tartibda sud va ijro ishi yuritishning zamonaviy shakl va usullarini, odil sudlovga erishishning ilg`or mexanizmlarini joriy etish orqali odil sudlov sifatini oshirish. Bu tashabbusning amalga oshirilishi sud faoliyatining samaradorligiga, shuningdek “Elektron hukumat to`g`risida”gi Qonunni amalga oshirish doirasida respublikani rivojlantirishning zamonaviy bosqichi talablariga to`liq asoslangan odil sudlovning jamoatchilik uchun ochiqligi, shaffofligi va erkinligi prinsiplarini hayotga izchil tatbiq etishga xizmat qiladi. 

Bundan tashqari, qonuniylikni ta`minlashda hamda mamlakatimizda islohotlarni samarali ro`yobga chiqarishda yuridik xizmatlar rolini oshirish maqsadida davlat organlarining yuridik xizmatlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir aniq chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda. 

Qayd etilgan asosiy vazifalar va yangi normalarni hayotga tatbiq etish uchun Farmon bilan sud-huquq tizimini rivojlantirish borasida 8 ta eng ustuvor sohalar bo`yicha 45 ta aniq tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi Kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. 

Farmonni ijro etish doirasida O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, Jinoyat, Jinoyat-prosessual, Fuqarolik prosessual, Xo`jalik prosessual kodekslari va bir qator boshqa qonun hujjatlariga zarur o`zgartish va qo`shimchalar kiritiladi. 

Inson huquq va erkinliklarini himoya qilish tizimini izchil takomillashtirish va mustahkamlash maqsadida umume`tirof etilgan xalqaro standartlar asosida bir qator alohida qonunlar, shu jumladan “Jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat prosessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to`g`risida”gi, “Mediasiya to`g`risida”gi, “Ma`muriy sudlov ishlarini yuritish to`g`risida”gi qonunlarni qabul qilish rejalashtirilmoqda. 

Ushbu dasturiy hujjatning amalga oshirilishi mamlakatning sud-huquq tizimi faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta`minlash, shuningdek aholining odil sudlovga bo`lgan ishonchini yanada mustahkamlash imkonini beradi.

Sharhlar

Toshkentda 100 nafar odamni aldab, 55 nafarini xorijga yuborgan jinoiy guruhga sud hukmi o`qildi (video)

30.11.2022, 21:19

Jinoyat ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tuman sudida 100 nafar jabrlanuvchini ishonchiga kirib, qariyb 550 million so`mni talon taroj qilgan 3 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi...
Nukus voqelari bo`yicha bo`lib o`tayotgan sudda asosiy aybdor Dauletmurat Tajimuratov Qur`oni Karimni keltirishni so`radi

28.11.2022, 12:43

Avval xabar qilganimizdek, bugun, 28 noyabr kuni Buxoro viloyat sudi binosida 2022 yil 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklarga doir jinoyat ishi...
Toshkentda ichimlik reklamasida behayo harakatlar qilganlar jarimaga tortildi (video)

27.10.2022, 19:44

Ijtimoiy tarmoqlarda ikki nafar qizning behayo harakatlari aks etgan video tarqalib ko`plab muhokamalarga sabab bo`lgan edi. Mazkur holat yuzasidan Bektemir tumani IIO FMB tomonidan Yu.B. hamda...
Toshkentda 18 yoshli qizni bo`g`ib o`ldirgan yigit 12 yilga qamaldi (video)

18.10.2022, 13:41

Jinoyat ishlari bo`yicha Shayxontohur tumani sudining ochiq sud majlisida qasddan odam o`ldirish jinoyatini sodir etganlikda ayblangan, 1999 yilda tug`ilgan jinoyatchi oid sud ishi ko`rib chiqildi,...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1