“O`zbekiston temiryo`llari” AJ matbuot xizmatining bergan xabariga ko`ra, 15 sentyabrdan 15 oktyabrgacha Toshkent-Shimoliy temiryo`l vokzalidan harakatlanadigan aksariyat poezdlar qatnovi “Toshkent-Janubiy” vokzalidan amalga oshiriladi.
Ma`lum qilinishicha, bu vaqt mobaynida “To`qimachi” hamda “Toshkent-yo`lovchi” temiryo`l bekatlari oralig`idagi yo`lda texnik ta`mirlash ishlari olib boriladi.
Bir oy mobaynida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoezdlari, “Sharq” (Toshkent—Buxoro—Toshkent), “Nasaf” (Toshkent—Qarshi—Toshkent), “O`zbekiston” (Toshkent—Andijon—Toshkent), hamda xalqaro yo`nalishlardagi Toshkent—Volgograd—Toshkent, Dushanbe—Toshkent—Dushanbe yo`lovchi poezdlari “Toshkent-Janubiy” temir yo`l vokzal hududidan reyslarini amalga oshiradi.
Yo`lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida “Toshkent-Markaziy” hamda “Toshkent-Janubiy” temir yo`l vokzallaridagi barcha chiptaxonalar tun-u kun faoliyat ko`rsatadi. Bundan tashqari, chiptalarni elektron tarzda ham xarid qilish mumkin.
“Toshkent-Janubiy” temir yo`l vokzaldagi kutish zallari, vokzalga kirishda uchta bir bosqichli nazorat o`tish punktlari doimiy ravishda yo`lovchilarga xizmat ko`rsatadi.
Shuningdek, bir oy mobaynida “Toshkent-Markaziy” temir yo`l vokzalidagi chiptaxonalardan poezd jo`nashidan oldin chipta xarid qilgan, yoki yanglishib “Toshkent-Shimoliy” vokzalga kelib qolgan yo`lovchilarni “Toshkent-Janubiy” temir yo`l vokzaliga olib borish uchun vaqtincha bepul avtobuslar qatnovlari yo`lga qo`yiladi.
Shu bilan birga, Olmaota—Toshkent—Olmaota, Toshkent—Novosibirsk—Toshkent, Toshkent—Samara—Toshkent yo`nalishida harakatlanadigan yo`lovchi poezdlari hamda Toshkent—Xojikent—Toshkent shaharlararo poezdlari qatnovi bundan mustasno, ular Shimoliy vokzaldan qatnovni davom ettiraveradi.