Farmon bilan Yangi O`zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonida orttirilgan tajriba va jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida ishlab chiqilgan "O`zbekiston – 2030" strategiyasi tasdiqlandi.
«O`zbekiston – 2030» strategiyasida quyidagi asosiy g`oyalar aks ettirilgan:
- barqaror iqtisodiy o`sish orqali daromadi o`rtachadan yuqori bo`lgan davlatlar qatoridan o`rin olish;
- aholi talablariga va xalqaro standartlarga to`liq javob beradigan ta`lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish;
- aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish;
- xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish;
- mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta`minlash.
"O`zbekiston – 2030" strategiyasini amalga oshirish va uning maqsadli ko`rsatkichlariga erishish barcha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida eng ustuvor vazifa etib belgilandi hamda bu bo`yicha ularning birinchi rahbarlariga shaxsiy mas`uliyat yuklandi.
"O`zbekiston – 2030" strategiyasini amalga oshirish bo`yicha Respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.
Respublika komissiyasi (A.Aripov) zimmasiga:
a) O`zbekiston – 2030» strategiyasining to`liq, o`z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish, shuningdek, uni amalga oshirish bo`yicha tegishli yillik dasturlarni tayyorlash va ijrosini muvofiqlashtirish;
b) O`zbekiston – 2030» strategiyasi doirasidagi islohotlar bo`yicha tadbirlarning aholi tomonidan bildirilgan fikr va tashabbuslar asosida sifatli amalga oshirilishi, belgilangan ko`rsatkichlarga erishilishini nazorat qilib, natijasi yuzasidan har yarim yilda O`zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritilishini ta`minlash;
v) ikki oy muddatda:
- Yangi O`zbekiston taraqqiyot strategiyasining joylarda amalga oshirilishi natijalari tanqidiy o`rganilishini;
- aholi o`rtasida Yangi O`zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish natijalari keng muhokama qilinishi, fuqarolarning mazkur masala bo`yicha takliflari tizimlashtirilgan holda tahlil etilishini;
- o`tkazilgan o`rganishlar natijasiga ko`ra, Yangi O`zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalarni ro`yobga chiqarishga to`sqinlik qilayotgan tizimli omillarni aniqlash va O`zbekiston – 2030» strategiyasini amalga oshirish doirasida ularning oldini olish bo`yicha aniq choralar ko`rilishini ta`minlash vazifalari yuklandi.
«O`zbekiston – 2030» strategiyasi – xalq strategiyasi» shiori ostida belgilangan islohotlarning izchil, sifatli va o`z vaqtida bajarilishi yuzasidan samarali jamoatchilik nazoratini o`rnatish maqsadida "Taraqqiyot strategiyasi" markazi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda "O`zbekiston – 2030" strategiyasi ijrosining ta`minlanish darajasi, unda belgilangan islohotlarning sifatli amalga oshirilishini aholi tomonidan har bir maqsad va undagi ko`rsatkichlar kesimida baholash, ular yuzasidan o`z fikrlarini qoldirish va tashabbuslar bildirish imkoniyatini yaratuvchi onlayn portalni ishga tushirishi belgilandi.
Har oyda baholash natijalari va aholidan kelib tushadigan fikr-mulohazalar umumlashtirilib, Respublika komissiyasiga taqdim etib boriladi.