2023 yil 11 sentyabr kuni boshlangan va 6 oktyabrgacha davom etadigan BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashi 54-sessiyasida ko`rib chiqiladigan BMT Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasining ma`ruzasi BMT Bosh Assambleyasining hujjati sifatida tasdiqlandi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ma`ruza Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta`lim dasturi beshinchi bosqichi uchun inson huquqlarining maqsadli sektorlari, asosiy sohalari yoki mavzuli masalalari yuzasidan davlatlar va boshqa manfaatdor tomonlar bildirgan fikrlarni o`zida mujassam etgan.
Ma`lumki, 2004 yil 10 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta`lim dasturi e`lon qilingan. Bundan maqsad – barcha davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va biznes sektorida inson huquqlari sohasidagi ta`lim dasturlarini amalga oshirishga ko`maklashishdir.
Hozirgi vaqtgacha ushbu Dasturning quyidagi uchta bosqichi amalga oshirildi:
birinchi bosqich: 2005-2009 yillar – maktablarda inson huquqlari sohasidagi ta`lim jarayonlarini qamradi;
ikkinchi bosqich: 2010-2014 yillar – oliy ta`lim tizimi, shuningdek o`qituvchi-murabbiylar va davlat xizmatchilari uchun inson huquqlari sohasidagi ta`limga bag`ishlandi;
uchinchi bosqich: 2015-2019 yillar – ommaviy axborot vositalari vakillariga inson huquqlari sohasida ta`lim berildi.
O`z navbatida,2020-2024 yillarda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta`lim dasturining to`rtinchi bosqichi bajarilmoqda. Mazkur bosqich inson huquqlari sohasida ta`lim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashining 2022 yil 6 oktyabrdagi Rezolyusiyasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta`lim dasturining to`rtinchi bosqichini amalga oshirishga mas`ul tegishli manfaatdor tomonlarning bu boradagi ijobiy tashabbuslari alohida ta`kidlandi. Shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta`lim dasturining beshinchi bosqichida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan takliflarni shakllantirish masalasi kun tartibiga qo`yildi.
BMTning Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasiga BMTning barcha tuzilmalari, davlatlar, fuqarolik jamiyati institutlari va manfaatdor tomonlarning ayni mavzudagi fikr-mulohazalarini so`rab olish tavsiya etildi. Shu munosabat bilan Oliy komissar Boshqarmasi 2023 yil 2 martda a`zo-davlatlarga tegishli masalada o`z fikrlarini bildirish va zarur materiallarni taqdim etishni so`rab murojaat qildi. O`z navbatida, 2023 yil 1 mayda Oliy komissar Boshqarmasi veb-saytida bu haqda e`lon berildi.
Shundan so`ng BMTning Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasiga 2023 yil 30 iyungacha bo`lgan davrda 15 ta davlat, 3 ta hukumatlararo tashkilot, Inson huquqlari bo`yicha kengashning 4 ta maxsus prosedurasi, 8 ta inson huquqlarini himoya qilish bo`yicha milliy institut, ma`ruza taqdim etadigan va bu borada keyingi faoliyatni amalga oshiradigan 2 ta milliy mexanizm, 17 ta fuqarolik jamiyati instituti va 4 nafar alohida shaxs – jami 53 respondentdan 50 ta taqdimnoma kelib tushdi. Oliy komissar Boshqarmasining ma`ruzasi ana shu takliflar negizida tayyorlangan.
BMT Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasining ma`ruzasida o`z takliflarini bergan respondentlar orasida Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi alohida ta`kidlangan. Ma`ruzaning 43-bandida qayd etilganidek, Milliy markaz Jahon ta`lim dasturi beshinchi bosqichi bo`yicha inson huquqlarining quyidagi maqsadli sektorlariga oid takliflarni taqdim etgan:
- bolalar va yoshlarga oid – ular o`zgarishlarning shijoatli davomchilariga aylanishlari mumkin;
- ayollar va qizlarga oid – ularning jamiyat hayotida to`laqonli ishtirok etishga bo`lgan huquqlarini ro`yobga chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish lozim;
- jamiyatning zaif qatlamlari, jumladan, qochoqlar, migrantlar, nogironligi bo`lgan insonlarga oid – ular inson huquqlari sohasidagi ta`limdan tom ma`noda bahramand bo`lishlari uchun tegishli sharoitlarni yaratish kerak;
- fuqarolik jamiyati va jamoat tashkilotlariga oid – ularning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi salohiyatini oshirish zarur;
- korxona va korporasiyalarga oid – ularning ishchi-xodimlar va iste`molchilar huquqlarini hurmat qilishga qaratilgan axloqiy va ijtimoiy mas`uliyatini izchil rag`batlantirib borish taqozo etiladi.
Bundan tashqari, “Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi beshinchi bosqichda inson huquqlari sohasidagi ta`limda raqamli davr afzalliklariga tayanishni, xususan, imkon qadar keng auditoriyani qamrab olishga va Internetda yolg`on va nafrat ruhidagi ma`lumotlar tarqatilishi oqibatida kelib chiqadigan muammolarga samarali echim topishga xizmat qiladigan texnologiyalardan foydalanishni taklif etgan”, deyiladi BMT Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasining ma`ruzasida.
Oliy komissar Boshqarmasi ma`ruzasining “Xulosalar” qismida bayon etilgan aksariyat bandlarda ham O`zbekiston tomoni taqdim etgan takliflar asosida muhim tavsiyalar berilgan. Jumladan, ma`ruzaning yakuniy 74-bandida qayd etilishicha, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta`lim dasturi beshinchi bosqichining ustuvor maqsadli guruhlari – yoshlar va jamiyatning zaif qatlamlari hamda alohida shaxslar hisoblansa, asosiy ustuvor sohalar sifatida esa raqamli makon sharoitidagi inson huquqlari, ekologik huquqlar va iqlim o`zgarishlari, shuningdek, gender tenglikka alohida e`tibor qaratilishi mumkinligi ta`kidlangan.