1

Muhabbat rostdan bedavomi? yoxud dardga mubtalolarning o`tinchi

Mutolaa 24.10.2016, 12:09
Teglar: Xikoya
Muhabbat rostdan bedavomi? yoxud dardga mubtalolarning o`tinchi

«Olamda sevgining siymosidan zeboroq chehra, uning ovozidan yoqimliroq musiqa yo`q», degan edi bir donishmand. Bugungi qahramonlarimizning dardini tinglab, bu hikmat bejizga aytilmaganiga amin bo`ldik. Chunki muhabbat yo`lida o`zini unutgan, hamma narsaga tayyor bo`lgan suhbatdoshlarimiz bizni rostdan lol qoldirdi…

Bu galgi suhbatdoshlarimizga O`zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova maslahat beradi:

 

        

«YIGIRMA YIL SO`NMAGAN IShQ O`TI»

Davron, 37 yosh, Sirdaryo viloyati:

— Bu gaplarni kimgadir aytmasam bo`lmadi. Yuragimdagi azob bilan, uyimdagi tortishuvlardan siqilib, kimgadir «yorilgim» keldi.

Ilgari «yoshlikda bergan ko`ngil, ayrilmas balo bo`lur», degan gapni eshitsam, hayron bo`lardim. Bu haqiqat ekan. Muhabbat shunday dard ekanki…

Maktabda sinfdoshimga ko`ngil qo`ygandim, ammo taqdir yo`llarimiz tutashmagan ekan.

— Sizdan oldin turmush qura olmayman. Siznikidan keyin to`yim bo`ladi, — degandi u oxirgi ko`rishganimizda. So`zining ustida turdi. To`yimdan bir hafta o`tib, uni «yor-yor» aytib uzatib ketishdi.

Yo`llarimiz ayro tushdi, ammo shu vaqtgacha uni unuta olmadim. Buni rafiqam ham bilardi. Qizimning ismi boshqa bo`lsa-da, o`sha qizning ismi bilan chaqirardim. Qanaqadir qalbimga taskin edi-da…

Mana, maktabni bitirganimizga ham yigirma yil bo`libdi. Shu munosabat bilan sinfdoshlar yig`ilmoqchi bo`ldik. Maslahat uchun yig`ilganimizda, uni ko`rdim. Yigirma yil ko`nglimdagilarni o`chira olmabdi. Qayta xastalandim. Qattiq xafa bo`lganim — uning turmush o`rtog`i olamdan o`tibdi. Ochig`i, ko`nglimga shayton ham oraladi. Lekin unga yomonlikni ravo ko`rmayman. Yaxshilik qilgim kelgani uchun ham o`rtoqlarimga «undan pul olmanglar, yaqinda eri vafot etibdi, u uchun o`zim to`layman», dedim. Bu avvalgi munosabat yoki boshqa niyatda emas. Yaxshilik qilgim kelganidan shunday dedim. Bu gapni esa kimdir darrov xotinimga etkazibdi. O`shandan buyon uyda janjal.

— Uning eri yo`qligini bilib, tinchingizni yo`qotib qo`ydingizmi? Hali uylanib ham olarsiz… — deydi jig`ibiyron bo`lib.

Uni ham tushunaman. Biroq niyatim faqat yaxshilik qilish. To`g`ri, qalbimda u yo`q deya olmayman. Ammo o`chirib tashlash qo`limdan kelmasa nima qilay? Ayolimga dardimni qanday anglatay. Uni ham yaxshi ko`raman, axir farzandlarimning onasi. Ammo meni tushunishni istamayapti. Qanday yo`l tutay?

Maslahat: — O`g`lim, siz ikki marta xato qilibsiz. Hamma ayb o`zingizda! Birinchi xatongiz muhabbatingiz uchun o`shanda rostmana kurashmagansiz. Chunki qiz «sizdan keyin turmushga chiqaman», debdi va so`zining ustidan chiqibdi. Mard qiz ekan. Bu bilan sizga «uylanguningizcha sizni kutaman», degan. Aslida bu yigit kishi qilishi kerak bo`lgan jasorat. Siz esa chora ko`rmagansiz. Men chora deb, olib qochish yoki yomon otliq qilishni nazarda tutayotganim yo`q. Oraga birorta yoshi ulug`, tushungan muysafid odamni qo`yib, ota-onaning roziligi olish mumkin edi. Ikkinchi xatongiz, esa nega endi u uchun pul to`lamoqchi, yaxshilik qilmoqchi bo`lyapsiz? Bu bilan o`sha ayolga «haliyam seni sevaman», deb imo qilmoqchimisiz? Shuni bilingki, bu yaxshilik emas. Chunki buni hech kim to`g`ri tushunmaydi. Ertaga o`sha mas`uma, begunoh ayolning nomini yomonga chiqarib qo`yishingiz mumkinligini o`ylamadingizmi? Rafiqangiz-chi? Uning dilini vayron qilishga nima haqqingiz bor? U ham inson, unda ham ko`ngil bor.

Siz o`zingizning tuyg`ungizni deb ikki ayolning qalbini jarohatlayotganingizni o`ylab ko`rdingizmi? Boshida qattiq turib muhabbatingiz uchun kurashmadingizmi, endi foydasi yo`q. Endi siz unga, u sizga begona. Shunday ekan, oilangizni o`ylang.

QAMOQDAGI «ZAGS»

Iroda, 23 yosh, Samarqand viloyati:

— «Muhabbatning ko`zi ko`r», deganlari rost ekan. Sevib ko`zimga hech narsa ko`rinmabdi. Boshimga tushgan savdo etti uxlab ham tushingizga kirmagandir? Kimdir ishonadi bu gaplarga, kimdir yo`q. Gohida o`zim ham nahot shu voqealar o`ngimda bo`ldi deyman.

U bilan telefon orqali tanishdim. Naq bir yarim yil gaplashdik.

— Men qamoqdaman. Ixtiyorimsiz bo`lgan jinoyat tufayli jazomni o`tayapman, — deganida ham u bilan suhbatlashishni bas qilmadim.

Bu o`zi ta`sirini ko`rsatdi, sevib qoldim. Doim dalda bo`lishga intildim.

— Bu bir o`tkinchi sinov. Hali chiqasiz, hammasini unutasiz, — dedim.

Bir-birimizning ovozimizni eshitmasak tura olmaydigan daraja bog`lanib qoldik. Usiz hayotimni tasavvur ham eta olmasdim. Natijada ko`rgani bordim. Bu muhabbatimizni yanada olovlatdi. Keyin esa u menga turmush qurishni taklif etdi. Ming azob bilan uydagilarning roziligini oldim. Axir kim ham qizini qamoqda o`tirgan mahbusga berishni istaydi. Xullas, biz qamoqxonada nikohdan o`tdik. Uning qonuniy rafiqasiga aylandim. Bu voqea dekabr oyida bo`lgan bo`lsa, ikki oy o`tib, fevralda u ozodlikka chiqdi. Shu qadar xursand bo`ldimki… Ammo sevinchim uzoqqa cho`zilmadi. U o`z viloyatiga ketganicha, meni unutdi. Telefon qildim.

— Sen bilan ajrashaman. Onam sen bilan yashashimga qarshi, — dedi u beparvo.

O`sha-o`sha men bilan gaplashishni istamaydi. Men esa adoyi tamom bo`ldim. Shunday tashlab ketishi bor ekan, nega uylandi? Ikki oy sabr qilganida ozodlikka chiqar, yurtiga indamay ketar, men bu ko`yga tushmasdim. Endi esa nima qilishni, arzimni kimga aytishni bilmayman. Qanday yo`l tutay?

Maslahat: — Tavba, tavba… Qizim siz rivojlangan zamonda yashayapsiz. Qadimdagidek, uydan tashqariga chiqmagan, qamalib kashta tikib o`tirgan qiz emassiz. Televizor, gazeta-jurnal, radio bor. O`shalar orqali ham odamning dunyoqarashi o`sadi. Nega bu qadar aqlsizlik qildingiz? Ota-onangiz qaerga qaradi? Bu bilan qamalgan yigitlarning hammasi yomon demoqchi emasman. Ammo ozgina sabr qilsangiz u chiqardi. Mana, ikki oyda chiqibdi. Nahot u uylanishidan oldin uydagilari bilan maslahatlashmagan? Shu qadar tushuniksiz va chigal vaziyatki… Nima deyishga ham hayronman. Yigitning o`zidan biror sado chiqmasa, siz hech narsa qila olmaysiz. Agar rostdan sevsa, qiyin kunida dalda bo`lganingizni qadrlasa, albatta olib ketish uchun keladi. Sabr qilish va kutishdan boshqa chorangiz yo`q.

ShUBHAKOR YIGIT

Laylo, 22 yosh, Toshkent viloyati:

— Bizning tanishuvimiz telefon orqali bo`lgan. Gaplashib-gaplashib bir-birimizni yoqtirib qolganimizni sezmay qoldik. Suhbatimiz hech ado bo`lmasdi.

Keyin esa uchrashdik. Buni qarangki, bir-birimizning didimizdagi ekanmiz. Rostmana ko`nglimizga muhabbat mehmon bo`ldi.   

Bora-bora oilalarimiz haqimizda gaplashdik, yaqindan bilishga harakat qildik. Mening oilada yagona qiz va o`ziga to`qligimizni bilib kayfiyati tushdi:

— Biz u darajada boy emasmiz. Seni menga berishmaydi.

— Ota-onam tushungan odamlar. Oldindan xulosa chiqarmang.

Ammo gaplarim unga kor qilmadi. Xavotirga tushaverardi. Yaqinda esa men boshqa viloyatda yashashga majbur bo`ldim. Ota-onam harbiy bo`lgani uchun ko`chdik. Ammo uyimizga tez orada qaytamiz. Bu esa uni battar vahimaga soldi:

— Meni yaxshi ko`rmaysan. Mana, boshqa joylarda bemalol yashab yuribsan. Baribir birga bo`lmaymiz.

Hammasini tushuntirishga harakat qildim. Yo`q, tushunmadi. Muhabbatimga shubha qildi. Oxiri dardimni gazetaga aytmoqchiman, maslahat olmoqchiman, dedim. Bunga ham ishonmadi. Qanday qilib bo`lsa ham uning ishonchini oqlash harakatidaman. Nima qilsam bo`ladi?

Maslahat: — Hozir telefon muhabbat vositasiga aylangan shekilli. Qizim, achchiq bo`lsa ham haqiqatni aytaman: «Bulbulning ham erkagi sayraydi!» Ya`ni, agar o`sha yigitning ko`nglida rostdan siz bo`lsangiz, albatta muhabbati uchun kurashadi. Sovchisini yuboradi, ota-onangiz bilan uchrashadi, fikrini biladi. Hali hech narsani bilmay turib bunaqa deyish, xulosa chiqarish — qo`rqoqlik. Siz avval o`z ota-onangiz bilan gaplashing. Onangiz eng yaxshi maslahatgo`yingiz. «Bir yigitga ko`ngil qo`ydim, shunaqa…» deng. Menimcha, qarshi bo`lmaydi. Hamma ota-ona farzandining baxtli bo`lishini istaydi. Roziligini olganingizdan keyin yigitga xabar bering. Shunda u xavotirga tushmaydi.

 

N.USANBOEVA

Sharhlar

Yigirma yil kutilgan baxt

16.01.2017, 14:47

— Turmush qurganimizga yigirma yil bo`ldi, — dedi tahririyatga qo`ng`iroq qilib o`zini Dinora opa deb tanishtirgan muxlisamiz. — Turmush o`rtog`im ikkimiz institutda o`qib, sevishib, ota-onamizning...
Kelin qul deganimi?

13.01.2017, 15:24

Shahlo qaynonasining qadam tovushlaridan uyg`onib ketdi. Endigina ko`zi ilingandi-ya. Qizini uxlatish qiyin, yoshiga to`lmay sun`iy ovqatga o`rgatgani uchun bir dardi ikki bo`lgan. Shahloning o`zi belida...
«Sevganim chiroyli…»

12.01.2017, 16:28

Turmush o`rtog`ing chiroyli bo`lsa ham qiyin ekan. Atrofdagi ayollar undan ko`z uzmay turishiga chidash osonmi? Bunday vaziyatda rashk qilish, ko`z yosh to`kish, ketaman deb qo`rqitish...
«Dadam va onamni yarashtirganim…»

11.01.2017, 11:26

Makr ishlatish ayollarga xos, deyishadi. Ammo yosh bo`lishimga qaramay, men ham makrdan foydalandim. Buni yomonlikka yo`ymang. Oilamizni saqlab qolish uchun qildim buni… Bir boshidan aytib...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1