Shu kunlarda dunyoning qator davlatlarida koronavirusning "Pirola" nomli yangi shtammi keng tarqalmoqda. Hozirgacha mazkur mutasiya Isroil, Kanada, Daniya, Buyuk Britaniya, Janubiy Afrika, Shvesiya, Norvegiya, Shveysariya, Tailand va AQShda ro`yxatga olindi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xalqaro epidemiologlar hademay COVID-19 Er yuzida yana kasallanishlar soni ortishiga sabab bo`lishini prognoz qilmoqda. Chunki BA.2.86 deb atalgan yangi shtamm immun tizimining himoya reaksiyasiga chidamli va “omikron”dan ham yuqumliroq bo`lishi mumkin.
“Pirola” ilk bor shu yilning yoz faslida aniqlangandi. Shundan so`ng ba`zi mintaqalarda infeksiyani yuqtirish va o`lim ko`rsatkichlari birmuncha ko`payishi qayd etildi.
Natijada Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti BA.2.86 ni yuqori yuquvchanlik xususiyati tufayli o`z kuzatuvi ostidagi shtammlar qatoriga qo`shdi.
Ayni paytda “Pirola” bemorlarda isitma, yo`tal, holsizlik, ta`m va hid bilish qobiliyatining qisman yo`qolishi kabi alomatlar bilan namoyon bo`lmoqda.