AsosiyDunyo

Yaqin haftalarda O`zbekistonning paxta dalalarida na shifokorlar, na o`qituvchilar va universitet professorlar, na bolalar bo`ladi — Corriere della Sera

'Yaqin haftalarda O`zbekistonning paxta dalalarida na shifokorlar, na o`qituvchilar va universitet professorlar, na bolalar bo`ladi — Corriere della Sera'ning rasmi

Italiyaning Corriere della Sera nashri O`zbekistonda paxta terimi boshlanayotgani haqida yozib, dalada majburiy mehnatga barham berilganini e`tirof etdi.

Bir necha kundan so`ng O`zbekistonda paxta terimi boshlanadi, bu amaliyot o`nlab yillar davomida majburiy mehnat bo`lib kelgan, o`g`it va pestisidlar esa tuproqqa zarar etkazgan, deyiladi maqola boshida. Paxta plantasiyalarini sug`orish maqsadida Amudaryo oqimining o`zgarishi suv sathining kamayishiga olib keldi — Orol dengizi asta-sekin quridi. Uning o`rnini Orolqum cho`li egalladi, ilgari paxta dalalarida gerbisidlar intensiv ishlatilgani sabab hozir cho`l qumlarida ifloslantiruvchi moddalar mavjud. G`arb va sharqqa esadigan shamollar qumlarni olis masofalarga olib ketadi. Qumdagi pestisidlar Rossiyada, Norvegiya o`rmonlarida, Grenlandiya muzliklarida va hatto Antarktidadagi pingvinlarning qonida topilgan.

Sovet davrida, ya`ni 1991 yilgacha paxta plantasiyalari ikki million gektardan ortiq maydonni — O`zbekistondagi ekin maydonlarining 98 foizini egallagan. Yillik ishlab chiqarish taxminan 4,5 million tonna paxta xom ashyosini tashkil etgan, ya`ni SSSRdagi umumiy ishlab chiqarishning 60 foizidan ortiq. Paxta O`zbekiston aholisi uchun jazo ham edi, chunki yarim million katta yoshli aholi, ikki million bolalar hosilni terib olishga majbur bo`lardi. “Hamma paxta terimiga tayyor” shiori ostida dalaga chiqish asosiy vazifa bo`lgan, bundan qochishga imkon yo`q edi. Boshqa barcha ishlar ortga tashlangan. Universitetlar, maktablar va kasalxonalar yopilgan. Shifokorlar, hamshiralar, o`qituvchilar va talabalar eng shimarib, paxtaga chiqishga majbur bo`lgan. Viloyatlar o`rtasidagi musobaqada butun o`zbek jamiyati ishtirok etar, bu musobaqa mahalliy televidenie orqali ham namoyish etilardi. Oq oltinni eng ko`p tergan viloyat g`olib deb topilardi.

Yaqin haftalarda O`zbekistonning paxta dalalarida na shifokorlar, na o`qituvchilar va universitet professorlar, na bolalar bo`ladi. Xalqaro mehnat tashkiloti (Jenevada joylashgan XMT) Jahon banki bilan hamkorlikda o`tkazgan tekshiruvga muvofiq, 2021 yilgi ishlab chiqarish siklida Toshkent nihoyat majburiy mehnatga barham berishga muvaffaq bo`ldi. XMT ma`lumotlari e`lon qilinishi bilan bir vaqtda jahonning eng yirik to`qimachilik kompaniyalari o`zbek paxtasiga boykotni olib tashladi va Markaziy Osiyoda O`zbekiston uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochildi.

Sentyabr oyining o`rtalaridan dekabr oyining oxirigacha paxta terimi endi majburiyat bo`lmas ekan, bu Prezident Shavkat Mirziyoevning bu boradagi ishlarga sadoqatini ifodalaydi, deydi Italiya gazeta. 2016 yildan beri hokimiyatda bo`lgan Mirziyoev XMTning majburiy va bolalar mehnatiga qarshi konvensiya sini darhol ratifikasiya qildi, so`ng asosiy e`tiborni iqtisodiyotni liberallashtirish va qo`shni davlatlar bilan diplomatik munosabatlarni yaxshilashga qaratdi.

Bugun O`zbekiston dehqonlari o`zlari xohlagan mahsulot etishtirishi, hattoki mahsulotini eksport qilishi mumkin. Erga ishlov bermoqchi bo`lganlar, paxta terishni istaganlar bularni haq evaziga bajaradi. Keyingi yillarning yana bir yangiligi – klasterlar, ya`ni vertikal ishlab chiqarish bo`linmalari paxta etishtirishdan boshlab, paxta tolasi, gazlama, so`ngra eksport uchun mahsulot ishlab chiqarishmoqda. O`zbekiston endi paxtani emas, ko`pincha G`arbning yirik kompaniyalari brendi tushirilgan tayyor mahsulotlarni eksport qilmoqda.

    Boshqa yangiliklar