Prezident Shavkat Mirziyoev 20 sentyabr kuni Nyu-York shahrida Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga bilan uchrashuv o`tkazdi.
Uchrashuvda O`zbekiston bilan Jahon banki o`rtasidagi keng ko`lamli hamkorlikni kengaytirishning asosiy jihatlari ko`rib chiqildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Ajay Bangani Jahon banki guruhi prezidenti lavozimida ish boshlagani bilan tabrikladi hamda uning rahbarligida bank rivojlanayotgan mamlakatlarning barqaror iqtisodiy rivojlanishiga faol ko`maklashishni davom ettirishiga ishonch bildirdi.
Xususiylashtirish va samarali davlat boshqaruvi sohalarida bankning ekspertlik va texnik ko`magini kengaytirish, karbonsizlashtirish, muqobil energetika, infratuzilma va kommunikasiyalar, suv ta`minoti bo`yicha loyihalarni moliyalashtirish va ularga xususiy investisiyalar, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida jalb qilish hamda Transafg`on temir yo`lini qurish kabi strategik tashabbuslarni qo`llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Ajay Banga, o`z navbatida, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar dasturini yuqori baholab, o`zaro manfaatli sheriklikni bundan buyon ham rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.
Bankning dunyo biznesi etakchi vakillaridan iborat Maslahat kengashi O`zbekistonga to`g`ridan-to`g`ri investisiyalar oqimini oshirish bo`yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda ishtirok etishi to`g`risida kelishuvga erishildi.
Ta`kidlash joizki, O`zbekiston bankning eng yirik hamkor-benefisiarlaridan biri hisoblanadi, so`nggi olti yilda qo`shma loyihalar portfeli besh barobardan ziyodga kengaydi.
2026 yilga qadar davrga mo`ljallangan va jami 4 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi Hamkorlik dasturi Yangi O`zbekiston taraqqiyot strategiyasining barcha ustuvor yo`nalishlarini qamrab olgan.