O`rim-yig`im kampaniyasi vaqtida ko`tarilgan ichki yonilg`i narxini barqarorlashtirish maqsadida Rossiya hukumati 21 sentyabrdan avtomobil benzini va dizel yonilg`isi eksportini taqiqladi. Avvalroq Rossiyaning janubiy viloyatlari va Qrimda yonilg`i taqchilligi qayd etilgandi, deya xabar bermoqda Zamon.uz.
Yonilg`i eksportini cheklash to`g`risidagi hukumat qarori ochiq e`lon qilinmadi. Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin devonining matbuot xizmati va hukumat idoralari ushbu taqiqni ichki bozorni yonilg`i bilan to`ldirish maqsadidagi vaqtinchalik chora deb atadi. Qayd etilishicha, ko`rilgan chora Rossiya ichki bozorini yonilg`i bilan to`ldirishga qaratilgan.
Rossiya bosh vaziri o`rinbosari Aleksandr Novak 20 sentyabr kuni vazirlar narxlar oshishini cheklash bo`yicha radikal choralar ko`rishga tayyorligini aytdi. Sankt-Peterburg birjasi ma`lumotlariga ko`ra, ishlab chiqaruvchilar uchun qoidalarni kuchaytirish fonida ulgurji narxlar pasayishni boshladi. Ammo chakana narxlar o`zgarishsiz qoldi.
Pasayishdan keyin ham, 21 sentyabrda AI-92 benzinining bir tonnasi 61,8 ming rubl, qishloq xo`jaligi texnikasi va yuk mashinalari uchun zarur bo`lgan yozgi dizel yonilg`isi bir tonnasi 71,8 ming rublni tashkil qildi. 31 iyul kuni narx bir tonna uchun 57 ming rubldan past edi, ya`ni u 25 foizga o`sgan.
Narx oshishiga jahon bozorlaridagi narxlarning yuqoriligi, rubl qadrsizlanishi va hukumat tomonidan yonilg`i dempferi keskin qisqartirilishi – Rossiya va xorijda neft kompaniyalari ichki bozorda narxlarni ushlab turishi evaziga byudjetdan oladigan kompensasiyadagi tafovut sabab bo`ldi. Byudjetni tejash maqsadida ushbu kompensasiya miqdori kamaytirildi.