27-28 sentyabr kunlari Ar-Riyod shahrida “Butunjahon turizm kuni 2023. Turizm va yashil investisiyalar” xalqaro anjumani bo`lib o`tdi. Tadbir UNWTO va Saudiya Arabistoni turizm vazirligi tomonidan tashkil etilgan.
Tadbir doirasida O`zbekiston delegasiyasi ham ishtirok etib, mamlakat turizm salohiyati taqdimotini o`tkazdi. Butunjahon turizm tashkilotiga a`zo davlatlar delegatlariga O`zbekistonda o`tishi kutilayotgan 25-Bosh assambleyaga tayyorgarlik jarayonlari haqida ma`lumot berildi.
Shuningdek, tadbir doirasida xorijiy delegatlar vakillari bilan qator uchrashuvlar o`tkazilib, Samarqandda o`tadigan Bosh assambleya ishiga faol jalb qilindi.
Tadbirda, shuningdek, Butunjahon turizm tashkilotiga a`zo mamlakatlarning 500 dan ortiq delegatlari, jumladan 50 dan ziyod turizm vazirlari hamda xorijiy sayyohlik ma`muriyatlari, xalqaro tashkilotlar vakillari va soha mutaxassislari ishtirok etishdi.
Konferensiya doirasida qator sessiyalar o`tkazilib, ularda ekologiya va inson kapitaliga investisiyalar, yangi turistik manzillar, barqaror turizm, sohada ta`lim, innovasiyalar va gender masalalari muhokama qilindi.
UNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili tadbirda so`zga chiqar ekan, barchani O`zbekistonga sayohat qilishga chorladi. U o`z nutqida O`zbekistonning yangi jozibador turistik yo`nalish ekanini ta`kidlab, Tashkilotga a`zo davlatlar delegasiyalari rahbarlarini 16-20 oktyabr kunlari Samarqandda bo`lib o`tadigan Bosh assambleya tadbirlarida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Ar-Riyoddagi xalqaro forum yakunlariga ko`ra, 2024 yilgi Butunjahon turizm kunini Gruziyada o`tkazishga doir kelishuvga erishildi.