AsosiyJamiyat

1 noyabrdan elektrni ko`p ishlatganlar uchun narxlar karrasiga oshirish maqsadlaridan biri tushuntirildi

'1 noyabrdan elektrni ko`p ishlatganlar uchun narxlar karrasiga oshirish maqsadlaridan biri tushuntirildi'ning rasmi

 Shu yilning 1 noyabridan boshlab mamlakatimizda o`rtacha iste`mol miqdoridan ko`p elektr energiyasi ishlatuvchi iste`molchilar o`sib boruvchi koeffisient doirasida haq to`lay boshlashadi. 
Ya`ni, oyiga 1000 kVt•soatgacha elektr ishlatgan fuqarolar amaldagi tarif, ya`ni 1 kilovatt•soat uchun 295 so`mdan to`laydi. Iste`moli 1000 kVt•soatdan oshgan foydalanuvchilar sarflagan elektr toki uchun belgilangan ravishda 2 barobardan 4 barobargacha o`sib boruvchi koeffisient doirasida to`lov qilishadi. 
Tegishli o`zgarishlar Hukumatning 2023 yil 15 iyulda qabul qilgan 294-sonli qarorida ko`zda tutilgan. Uning asosiy maqsadlaridan biri – aholi orasida energiya iste`moli madaniyatini kuchaytirish va bu orqali davlatimiz hamda jamiyatimizning barqaror rivojlanishi ta`minlashdir. 
Xech kimga sir emas, oxirgi yillarda O`zbekistonda elektr energiyaga bo`lgan talab muntazam oshib boryapti. Bu albatta bejiz emas. Respublikamizda har yili minglab yangi ishlab chiqarish korxonalari, tadbirkorlik sub`ektlari ish boshlamoqda. Aholi soni ortib, odamlarning yashash sharoitlari ham tobora farovonlashib bormoqda. 
Shu bilan birga, iste`molchilarning energiya resurslaridan oqilona foydalanishi muammosi hali xam dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Xalqimizda “Oldingdan oqqan suvning qadri yo`q” degan maqol bor. Elektr energiyaning arzon narxda etkazib berilishi insonda “Bu resurs bitmas-tuganmas” degan noto`g`ri tushunchani shakllantiradi. 
Vaholonki, biz elektr energiyasi cheklangan resurs ekanligini tushunishimiz kerak. Zamonaviy bozor sharoitida uni ishlab chiqarish hamda yakuniy iste`molchilarga etkazib berish ancha qimmatga tushadi. 
Biroq O`zbekistonda yoqilg`i-energetika sohasida narxlar hali ham bozor mexanizmiga asoslangan emas. Natijada davlat ularni subsidiyalashga majbur. Buning oqibatida har yili kamida milliard dollarlik mablag` subsidiya uchun yo`naltiriladi. Ammo bu pullar bog`cha, maktab va shifoxonalar qurilishiga sarflansa bo`lar edi-ku. 
Kiritilayotgan o`zgarishlar birinchi navbatda fuqarolarni elektr energiyasidan oqilona foydalanishga undaydi. Ya`ni “Haddan ortiq ishlatsang, ko`proq to`laysan” tamoyili odamlarni elektrnergiyani rasional ishlatishiga undashi kerak. 
Bu kelajak avlod uchun g`amxo`rlik, har bir insonning o`z mamlakati taraqqiyotiga qo`shgan hissasidir. Ko`plab chet davlatlarda tejamkorlik madaniyati allaqachon shakllanib bo`lgan. Bunga sabab – elektr energiyasi va boshqa resurslarning narxlari ancha balandligidir. Agar odamlar ulardan oqilona foydalanmasa, isrofgarchilikka yo`l qo`ysa, oilaviy byudjetiga ham salbiy ta`sir qilishi muqarrar. 
Xulosa Elektr ham ne`mat, uning isrof bo`lishiga yo`l qo`ymaslik, asrash mas`uliyati – barchamiz uchun vijdon ishi, muqaddas burch bo`lishi kerak. Bunda aholi sarflayotgan oylik yoki yillik elektr energiya hajmini o`zi mustaqil nazorat hamda tahlil qilib borishi, xulosa chiqarishi, tabiiy ravishda tejamkorlikni ta`minlashi samarali natija beradi. 
Masalaning yana bir jihati, energotejamkorlikni doimiy madaniyatga aylantirish uchun moliyaviy motivasiya ham bo`lishi kerak. Agar odamlar me`yoridan ko`p energiya sarflasa-yu, yana buning uchun tejab ishlatuvchilar bilan bir xil narxda to`lashda davom etsa, tejamkorlik haqidagi ma`ruza-yu nasihatlar hech qanday ish bermasligi aniq. 
Shuning uchun ham o`sib boruvchi koeffisient kiritilmoqda. Uning maqsadi aholi orasida tejamkorlik madaniyatini kuchaytirish, isrofgarchilik holatlariga chek qo`yish va umuman, mamlakatimizning barqaror rivojlanishini ta`minlashdan iborat. 

    Boshqa yangiliklar