Ijtimoiy tarmoqlarda paxta dalasida eriga yig`lab murojaat qilgan ayol videosi tarqaldi. Murojaatda ayol turmush o`rtogini qizining to`yiga taklif kilgan.
Toshkent viloyati hokimi uni izlab topib, to`yga kutilmagan sovg`a topshirdi.
Bu haqida viloyat hokimi telegramm kanalida shunday yozadi.
"Video er-xotin o`rtasidagi ajrimlar va oilaviy nizolarning oldini olish qanchalar muqaddas vazifa ekanligiga e`tibor qaratadi.
Bugun paxta hosilini yig`im-terimi mavsumi avjida. Zamira opa ham shu insonlar qatorida O`rta Chirchiq tumaniga kelib, terimda ishtirok etayotgan ekanlar.
Videoni ko`rib, sizning yuragingizdan qanday tug`yonlar kechgan bo`lsa, men ham shunday qattiq ta`sirlandim. Izlab ko`rsak, O`rta Chirchiqqa Surxondaryodan kelib, terimda faol qatnashayotgan Zamira opa Shaymanova ekanlar.
Afsuski, Zamira opaning oilasi uch yil burun darz ketgan. Eri uydan chiqib ketgani bo`yicha qaytmagan. Yilda bir-ikki marta qishloqqa kelib, ko`chada o`g`illarini ko`rib, qaytib ketar, bundan qizining dili qattiq og`rir ekan. Yaqinda to`y. Qizning ko`zlari esa otasining yo`liga mushtoq.
Umid qilamanki, bu voqea o`sha insonga ham saboq bo`ladi va oilasi bag`riga qaytadi. Biz bu holatni nazoratga oldik, xotin-qizlar va oila institutlari orqali qo`limizdan kelgan barcha ishni qilamiz.
Eng katta niyatim, er-xotin birgalikda qiz uzatib, elga to`y berishganida biz ham xizmat qilib, uylarida mehmon bo`lib yoshlarga baxt tilashimiz nasib qilsin. Ishonamanki, xuddi shunday bo`ladi, biz shunga harakat qilamiz.
To`yda ko`rishguncha, Zamira opa! Doim kulib yuring! Yaxshi kunlar hali oldinda!" deydi Zoir Mirzaev.






