Ijtimoiy tarmoqlarda ikki nafar keksa yoshdagi O`zbekiston fuqarosi Umra safariga ketayotgan chog`ida "Sharja" xalqaro aeroportining tranzit yo`lovchilar hududida sog`ligi yomonlashib qolgani va Sharja amirligining "Al Qosimiya" shifoxonasiga shoshilinch tarzda yotqizilgani haqida xabarlar tarqaldi.
"Dunyo" AA ma`lum qilishicha, yurtdoshlarimiz joriy yil 26 sentyabr kuni Umra safarini bajarish uchun "Madina Muslim Tours" xususiy sayyohlik shirkati orqali "Namangan–Sharja–Madina–Sharja–Namangan" yo`nalishi bo`yicha havo qatnoviga chipta olishgan, ularga shirkat tomonidan mas`ul bo`lgan vakil - "Ellik boshi" tomonidan lozim darajada e`tibor ko`rsatilmagan.
O`zbekistonning Dubay shahridagi Bosh konsulxona xodimlari qiyin ahvolda qolgan keksa yoshdagi hamyurtlarimizga yordam berish va ularni Vatanga qaytarish maqsadida "Al Qosimiya" shifoxonasi mas`ullari hamda Sharja xalqaro aeroportining huquqni muhofaza qiluvchi idoralari mas`ul xodimlari bilan muzokaralar o`tkazishdi.
Buning natijasida mamlakatimiz fuqarolariga shifoxonaga to`lanishi lozim bo`lgan 4400 AQSh dollaridan voz kechish va Shardja–Toshkent yo`nalishi bo`yicha bepul aviachipta bilan ta`minlash bo`yicha kelishuvga erishildi. Shu tariqa hamyurtlarimiz Vatanga qaytarildi.






