Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo`lib turgan BMT Bolalar jamg`armasining (YuNISEF) Evropa va Markaziy Osiyo bo`yicha mintaqaviy direktori Regina De Dominisis bilan uchrashdi.
Uchrashuvda perinatal salomatlik, bolalar o`sishi hamda rivojlanishi holatini o`rganishga oid 2024–2025 yillarda Oziqlanish bo`yicha ikkinchi milliy tadqiqotni o`tkazish, bolalarda irsiy kasalliklarning oldini olish va davolash samaradorligini oshirish, shuningdek, bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish borasida amaliy hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Ta`lim, inklyuziv ta`lim va sog`liqni saqlash tizimlarining huquqiy-institusional asoslarini takomillashtirish borasida ham fikr almashildi.
YuNISEFning O`zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida multiindikator klaster kuzatuvlari (MICS)ni o`tkazish qamrovini yanada kengaytirish hamda ushbu tadqiqotga mutasaddi davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarini yanada keng jalb qilish yuzasidan sa`y-harakatlarni birlashtirishga kelishildi. Shuningdek, BMTning Bola huquqlari to`g`risidagi konvensiyasini ijro etish bo`yicha milliy harakatlar rejasini yaqin fursatda qabul qilish zaruratiga ham alohida e`tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida O`zbekistonning YuNICEF bilan konstruktiv hamda samarali hamkorligini amaliy loyihalar bilan mustahkamlashga kelishib olindi.






