Vazirlar Mahkamasining “Yo`l harakati qoidalariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi qarori loyihasi e`lon qilindi.
Hujjat loyihasiga ko`ra, 2024 yil 1 yanvardan boshlab DYHXX organlarida dvigateli 25 va undan ortiq kub/santimetr ish hajmiga ega bo`lgan yoki konstruksiyaviy tezligi soatiga 25 va undan ortiq kilometr bo`lgan avtomototransport vositalari, elektrodvigatelining quvvati 0,25 kVt va undan ortiq yoki soatiga 25 kilometr va undan yuqori tezlikka ega bo`lgan elektromobillar (elektromotosikllar, elektroskuterlar va boshqalar), shuningdek, tirkama va yarim tirkamalar davlat ro`yxatidan o`tkaziladi.
Davlat ro`yxatidan o`tkaziladigan transport vositalarini boshqarish faqat tegishli toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo`lgan shaxslarga ruxsat beriladi.
Ichki ishlar vazirligi uch oy muddatda:
- ilg`or xorijiy tajribalarni o`rgangan holda elektrosamokatlarni ijraga berishni taqiqlash, ularni soddalashtirilgan tartibda Davlat yo`l harakati xavfsizligi xizmati bo`linmalarida ro`yxatga olish va ularga alohida davlat raqam belgilarini berish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
- ikki oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o`zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtiradi.
Shuningdek, loyiha bilan:
- “skuter” va “individual harakatlanish vositalari” tushunchalariga ta`rif berilib, ularning qaysi toifadagi transport vositasi turiga kirishiga aniqlik kiritilmoqda;
- yo`l harakati ishtirokchilarining xavfsizligini ta`minlash bo`yicha choralar ko`rilmoqda;
- Yo`l harakati qoidalariga 1-ilova - Yo`l belgilari esa qo`shimcha ravishda 3.5.1 (skuterlar harakatlanishi taqiqlangan) va 3.34 (individual harakatlanish vositalarini boshqarish taqiqlangan) yo`l belgilari bilan to`ldirilmoqda;
- Yo`l harakati qoidalari yangi 12-1 va 12-2-bandlar bilan to`ldirilib, individual harakatlanish vositalari boshqaradigan shaxslarga taqiqlanadigan va majburiy bo`lgan harakatlar belgilab berilmoqda.
“Individual harakatlanish vositalari” (IHV) — dvigatel (dvigatellar) (elektrosamokat, elektr skeytbordlar, segveylar, unitsikllar, monog`ildirak va boshqa shunga o`xshash vositalar) yordamida odamning individual harakatlanishi uchun mo`ljallangan bir yoki bir nechta g`ildiraklari (roliklari) bo`lgan transport vositasi.
Bundan tashqari, “Individul harakatlanish vositalari” boshqaradigan shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:
14 yoshdan kichik shaxslarni boshqarishi (yopiq hududlarda boshqarish bundan mustasno);
- spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoxud kuchli ta`sir qiluvchi moddalar ta`sirida yoki o`zgacha tarzda mast holatda, sezgirlik va e`tiborni susaytiradigan dori-darmonlar ta`sirida, yo`l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan charchoqlik va betoblik holatida boshqarish;
- bir yoki bir nechta IHVni shatakka olish;
- tormoz tizimi, rul boshqaruvi, tovushli ishorasi, shuningdek sutkaning qorong`i vaqtida yoki ko`rinish cheklangan vaziyatlarda nosoz fara chiroqlari yoki fonarlar hamda orqa fara chiroqlari ishlamaydigan IHVni boshqarish;
- rulni ushlamasdan yoki bir qo`lda ushlab harkatlanish (IHV uchun);
- yo`lovchi bilan boshqarish;
- telefondan foydalanish.
IHV fara yoki fonar, tormoz, tovush ishorasi, shuningdek, old tomonida oq rangli, yon tomonida qizil yoki apelsin rangli, orqa tomonida qizil rangli nur qaytargichlar bilan jihozlangan bo`lishi lozim.
“Individual harakatlanish vositalari” boshqaradigan shaxslar:
- harakat davomida yo`l harakati qoidalariga qat`iy rioya qilishi;
- trotuarlardan, piyodalar yo`lkalaridan, piyoda va velosiped yo`lkalaridan soatiga 6 kilometr tezlikdan yuqori bo`lmagan holatda, ular bo`lmaganda esa yo`lning o`ng chetki qismida soatiga 20 kilometr tezlikdan yuqori bo`lmagan holatda harakatlanishi;
- yo`llarning qatnov qismidan harakatlanishi;
- turar joy dahalaridan chiqish vaqtida boshqa harakat ishtirokchilariga yo`l berishi;
- qat`iy ravishda boshqa transport vositalarini harakat yo`nalishi bo`yicha boshqarish kerak.






