O`zbekiston Respublikasi hukumati delegasiyasi rasmiy tashrif bilan joriy yilning 10-11 oktyabr kunlari Chexiya Respublikasida bo`ladi.
Bugun, 10 oktyabr kuni Chexiya hukumati uyida O`zbekiston Respublikasi hukumati delegasiyasini rasmiy kutib olish marosimidan so`ng Bosh vazir Abdulla Aripov Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Petr Fiala boshchiligida ikki mamlakat hukumat delegasiyalarining uchrashuvi bo`lib o`tdi.
Chexiya Bosh vaziri Petr Fiala mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoev boshchiligida barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarni olqishlashini ma`lum qildi.
Chindan ham, keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev boshchiligida mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish, bozor mexanizmlarini mustahkamlash, bank sohasini rivojlantirish, xususiylashtirishni kengaytirish, huquqiy himoyani kuchaytirish va korrupsiyaga qarshi kurash bo`yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
O`z navbatida, mushtarak maqsadlar va albatta, O`zbekistondagi ijobiy o`zgarishlar chet ellik, shu jumladan, chexiyalik hamkorlar uchun mamlakatimizning jozibadorligini oshiryapti. Buni joriy yil 24-25 aprel kunlari Chexiya Bosh vaziri boshchiligidagi delegasiyaning yurtimizga tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar ham tasdiqlaydi.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz o`rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlar holati va istiqboldagi vazifalar ko`rib chiqildi.
Bugun O`zbekistonda Chexiya kapitali ishtirokida 50 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Sanoat kooperasiyasini rivojlantirish mamlakatlarimiz uchun birdek manfaatli bo`ladi.
Ta`kidlanganidek, joriy yilning yanvar-avgust oylarida o`zaro savdo hajmi qariyb 2,5 barobar o`sdi. Bunga O`zbekiston Evropa Ittifoqi Preferensiyalar bosh tizimiga (“GSP+”) qo`shilgani ham yordam berdi.
Biroq, bu ko`rsatkich mavjud salohiyatga mos emasligi, o`zaro savdodagi disbalansni to`g`rilash bo`yicha faol ishlash zarurligi qayd etildi.
O`zbekiston Evropa Ittifoqining yuqori standartlari va texnik reglamentlariga mos keladigan tayyor mahsulotlarni eksport qilishdan manfaatdor.
Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining Evropa bozorlariga chiqishida yagona «SE» (Certification Europe) belgisi bilan sertifikatlash maqsadida sinovdan o`tkazish sohasida hamkorlikni yo`lga qo`yish taklif etildi.
Uchrashuvda shuningdek, investisiya, qurilish, qishloq xo`jaligi va oziq-ovqat sanoati, transport, bandlik, ta`lim, tibbiyot, turizm kabi qator yo`nalishlar bo`yicha o`zaro hamkorlikni mustahkamlash va uni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.






