Andijon davlat universitetida 39,3 mlrd so`m naqd pul mablag`lari talon-toroj qilingan. Bu haqda Hisob palatasi axborot xizmati xabar berdi.
Xususan:
- kontrakt mablag`lari hisobidan stipendiyasiz shaklda tahsil olgan 8 761 nafar talabaga 25,1 mlrd so`m ortiqcha stipendiya hisoblanib, to`lov qaydnomalari soxtalashtirilgan;
- talabalar tomonidan to`langan 9,3 mlrd so`m to`lov-kontrakt summalari universitet hisob raqamiga kirim qilinmagan;
- talabalarga hisoblangan 2,7 mlrd so`m rag`batlantirish mablag`lari tarqatilmasdan, ularning imzolari soxtalashtirilgan;
- byudjet mablag`lari hisobidan 2 226 nafar talabaga bitta davr uchun ikki martadan 1,1 mlrd so`m ortiqcha hisoblangan stipendiya o`zlashtirilgan;
- talabalar yotoqxona ijarasidan tushgan 911,8 mln so`mlik naqd pullar universitet hisobraqamiga kirim qilinmasdan noqonuniy o`zlashtirilgan.
Bundan tashqari, davlat xaridlari to`g`risidagi qonunchilik talablariga zid ravishda universitetga xizmat uyi xarid qilish uchun jismoniy shaxs bilan 2,5 mlrd so`mlik to`g`ridan to`g`ri shartnoma tuzilib, shundan 300 mln so`mi noto`g`ri o`tkazilgan.
Aniqlangan noqonuniy o`zlashtirilgan mablag`lardan 5,1 mlrd so`mi undirilishi ta`minlangan. Tekshirish yakuni bilan rasmiylashtirilgan hujjatlar to`plami huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.






