Dunyoning ko`plab davlatlarida bo`lgani kabi O`zbekistonda ham ichimlik suvi tanqisligi dolzarb muammolardan biri. Buni aholining ichimlik suvi bilan ta`minlanganlik darajasi 74,4 foiz ekanidan ham anglash qiyin emas. Jumladan, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida ichimlik suvi ta`minoti 60 foiz atrofida. Ta`minot ko`rsatkichi respublika bo`yicha eng past hudud – Qashqadaryo viloyatidir (51,6 foiz).
Ichimlik suv avvalo cheklangan resurs hisoblanadi. Qolaversa, juda qimmat ijtimoiy xarajatlar toifasiga kiradi. Bu – butun dunyoda tan olingan haqiqat. Shunday ekan, suv hammaga etishi uchun avvalo mamlakat miqyosida uni tejash talab etiladi. Ammo tan olib aytish kerakki, hozirgi tariflar bilan aholi o`rtasida tejamkorlik madaniyatini shakllantirib bo`lmaydi. Arzon narsa hech qachon qadrlanmaydi. Faqat bozor narxlarigina odamlarni suvni tejashga undashi, motivasiya berishi va majbur qilishi mumkin.
Hozir respublikamizning ko`plab tumanlarida suv quvurlarida oldingidek suv oqmayapti. Suv quvurlari boshidagi manbalarda oldingi suv zaxiralari yo`q endi. Erosti ichimlik suvlari ham qochmoqda. Ariqlarda endi bizning ko`zimiz o`rgangan suvlar oqmay qo`ydi. Masala jiddiyligiga bugun olimlar, jamoatchilik e`tibor qaratmoqda. Suv taqchilligi barcha muammolarni kuchaytirmoqda. Prognozlar esa vaziyatning naqadar qaltis ekanini ko`rsatmoqda.
Qat`iy tejamkorlikka o`rganmas ekanmiz, yaqin kelajakda vaziyat o`ta jiddiylashib ketishi turgan gap.
Jahon banki tahlillariga ko`ra, 2050 yilga borib O`zbekistonda suvga bo`lgan talab 59 kub kilometrdan 62-63 kub kilometrgacha oshadi va mavjud suv resurslari 57 kub kilometrdan 52-53 kub kilometrgacha kamayadi. Bu esa joriy suv tanqisligini besh barobarga oshiradi. Ichimlik suvi ta`minotidan foydalanishda asosiy xavflar – chuchuk suvning taqchilligi, foydalanish uchun raqobat, uning ifloslanishi, qurg`oqchilik va boshqalardan iborat.
Nega suv narxi oshirilyapti?
Birinchidan, so`nggi paytda O`zbekistonda suv narxi arzonligi bois uni isrof qilish holatlari ko`paygani jamoatchilik e`tiboriga tushgan.
Tarif narxlari oshishida birinchi navbatda suv isrofini kamaytirish va bozor narxlarini joriy qilish orqali, undan unumli foydalanish darajasini oshirish nazarda tutilmoqda.
Umuman olganda, ayni paytda ko`plab mutaxassislar hukumatning suv tanqisligi muammosiga yangi yondashuvlar bilan kirib borishi muhim ahamiyatga egaligini takrorlamoqda. Bu jarayonda aholining suvga bo`lgan munosabatini o`zgartirish ham zarur. Ichimlik suvi basseyn to`ldirish, bog` sug`orish yoki avtomobil yuvishga emas, iste`mol uchun sarflanishi kerakligini tushunib etish lozim.
Mavjud vaziyat aholini suv bilan ta`minlash masalalarida bozor narxlari mexanizmlariga o`tish zarurligidan dalolat beradi. Yangi tariflarda pul to`lashni boshlagan xonadonlar endi undan xo`jasizlarcha foydalanishni to`xtatadi. Qolaversa, bu mavjud quvvatlarni modernizasiya qilish va yangilarini qurish imkonini ham beradi.
Ikkinchidan, so`nggi yillarda yurtimizda markazlashgan ichimlik suvi tannarxi va undan foydalanish uchun belgilangan suv tariflari orasidagi tafovut kattalashdi. Bu yo`nalishdagi mavjud holat ichimlik suvi etkazib berish tizimini modernizasiya qilishga to`sqinlik qilmoqda.
Ma`lumki, bugungi kunda Toshkent shahrida aholi tomonidan 1 kub (1000 litr) ichimlik suvi uchun 400 so`m, oqova xizmatlar uchun esa 350 so`m to`lov amalga oshirilmoqda. Amaldagi tarifga bundan 3 yil oldin o`zgartirish kiritilgan bo`lib, bugungi kunda ichimlik suvi tannarxini belgilovchi omillar qiymati oshgani sababli aholiga berilayotgan ichimlik suvi uchun to`lovlar o`z xarajatlarini qoplamay qolmoqda.
Shuni inobatga olib, Toshkent shahrida aholi iste`molchilariga 1 litr ichimlik suvi uchun 1 so`m 40 tiyin (amalda 40 tiyin), oqova suv uchun esa 1 so`m (amalda 35 tiyin) etib belgilash bo`yicha xalq deputatlari Toshkent shahar kengashiga taqdim etildi. Ya`ni, endilikda poytaxtdagi iste`molchilar bir metr kub suv uchun 1400 so`m, oqova suv uchun esa 1000 so`m to`lashi ko`zda tutilmoqda.
Toshkent shahrida oshishi kutilayotgan suv va kanalizasiya narxlari respublikaning boshqa hududlaridagi ayni kundagi narxlardan pastligicha qolmoqda.
Bugungi kunda, 1 m3 (1 000 litr) ichimlik suvini ishlab chiqarish o`rtacha tannarxi 1 681 so`mni tashkil etadi. Misol uchun, ichimlik suv narxi tannarxiga nisbatan:
– Qoraqolpog`istonda 1,7 barobarga (suv narxi – 1 850 so`m, ishlab chiqarish tannarxi – 3 221 so`m);
– Sirdaryo viloyatida 1,9 barobarga (suv narxi – 1 250 so`m, ishlab chiqarish tannarxi – 2 374 so`m);
– Toshkent viloyatida 1,8 barobarga kam (suv narxi – 950 so`m, ishlab chiqarish tannarxi 1 722 so`m).
Natijada suv ta`minoti korxonalari 2021 yilda 127,4 mlrd so`m, 2022 yilda 286,8 mlrd so`m va 2023 yil I choragida 120,4 mlrd so`m zarar ko`rgan.
Birgina Toshkent shahri misolida ko`radigan bo`lsak, 2021 yil yanvar oyidan beri tariflar oshirilmagani va xarajatlar karrasiga oshib ketgani natijasida 2022 yilda 15,7 mlrd so`m, 2023 yil 1 sentyabr holatiga 42 mlrd so`m zarar ko`rilgan.
Shuningdek, respublikamizda joriy yilning 1 oktyabridan boshlab byudjet tashkilotlari, kompaniyalar va boshqa yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi narxi amaldagi 450 so`m o`rniga ikki baravar, ya`ni 1 kVt/soat uchun 900 so`mga oshirildi. Suv uchun taklif etilayotgan yangi tariflarda «Toshkent shahar suv ta`minoti» MChJ tomonidan to`lanadigan 1 yillik elektr energiya to`lovi ichimlik suvi uchun 118,8 mlrd so`m, oqova suvi uchun 73,3 mlrd so`m hisobga olingan.
Etiborli jihati, tannarxdagi elektr energiya sarfini qiqartirish maqsadida quyosh panellari va energo tejamkor nasoslarni o`rnatish ishlari ham olib borilmoqda.
Uchinchidan, viloyatlarda aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta`minlanish darajasini oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun ichimlik suvi va kanalizasiya tarmoqlari, suv hamda kanalizasiya inshootlari barpo etilishi zarur. Bundan tashqari, ish haqi, elektr-energiya, soliq to`lovlari, xorijiy kreditlar to`lovi amalga oshirilgan bo`lib, joriy va kapital ta`mirlash, tizimni modernizasiya qilish ishlarida ham sarf-xarajatlar talab etiladi. Shundan kelib chiqib, ichimlik suvi ta`minoti va oqova suv xizmatlari uchun yangi tariflar tasdiqlanmoqda.
Raqamlarga murojaat qiladigan bo`lsak, ichimlik suvini ishlab chiqirish va uni iste`molchilarga etkazib berilishidagi asosiy muammo – mavjud 10 942 ta suv inshootining 2 318 tasi (21,2 foizi), 89 ming km markaziy va ichki tarmoqlarning 23,6 ming km (26,5 foizi) qismi ta`mirtalab holatga kelib qolganidir.
Ichimlik suvining o`rtacha yo`qotilishi respublika bo`yicha 25,7 foizni tashkil etib, shundan texnologik sarflar 10,6 foiz, ta`mirtalab tizimlarda vujudga kelayotgan avariyalar natijasidagi yo`qotishlar 15,1 foizni tashkil etadi.