Joriy yilning 12 oktyabr kuni Toshkentda respublika miqyosida o`tkaziladigan “Hayot ulash” xayriya aksiyasi boshlanishi yuzasidan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Aksiya “Yuksalish” umummilliy harakatining tashabbusi bo`lib, uning doirasida biznes hamjamiyati va tadbirkorlar bilan birgalikda O`zbekistonning chekka mahallalaridagi aholini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash maqsad qilingan.
Dunyoning ko`plab davlatlarida bo`lgani kabi O`zbekistonda ham ichimlik suvi tanqisligi dolzarb muammolardan biri. Bugungi kunda respublikamiz aholisining ichimlik suvi bilan ta`minlanganlik darajasi 74,4 foizni tashkil etadi. Ayrim viloyatlarda bu ko`rsatkich 60 foizdan kam.
Aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta`minlash masalalari davlat rahbarining doimiy e`tiborida. Ma`lumotlarga ko`ra, so`nggi 6 yilda ichimlik suvi sohasiga davlat budjetidan 14 trillion 500 milliard so`m yoki oldingi davrga nisbatan 6 baravar ko`p mablag` ajratilgan. 31 ming kilometr ichimlik suvi va oqova tarmoqlari o`tkazilgan. Bu ishlar natijasida 1 000 ta mahalladagi 6,5 million aholi yashaydigan xonadonlarga ilk bor toza ichimlik suvi kirib bordi.
Biroq hali 30 ta tuman va 1 ming 400 ta mahallada ichimlik suvi ta`minotini yaxshilash talab etiladi.
“Yuksalish” harakat tomonidan ma`sul davlat idoralari ishtirokida respublikamizning 14 ta hududidagi ichimlik suvi ta`minoti bilan bog`liq vaziyat, quduq qazish, filtr o`rnatish ishlari o`rganildi. Suv chiqarish mumkin bo`lgan birlamchi ro`yxat shakllantirildi.
Matbuot anjumanida “Hayot ulash” aksiyasiga dastlab Xorazm viloyatida start berilishi, oktyabr oyi davomida suv chiqarish ishlari Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida davom ettirilishi ma`lum qilindi.
Birinchi bosqichda ushbu tashabbusni qo`llab-quvvatlagan tadbirkorlar, homiylarning xayriya mablag`lari sarflanadi. Natijada 9 700 dan ziyod nafar aholi obihayotdan bahramand bo`lish imkoniga ega bo`ladi. Keyingi bosqichlarida boshqa hududlarni ham qamrab olish rejalashtirilgan. Jumladan, Qoraqalpog`iston Respublikasi, Qashqadaryo, Jizzax, Buxoro viloyatlarining chekka qishloqlarida suv manbalarini topish ishlari yakuniga etgan.
Shu tariqa xayriya aksiyasi davomida jami 40 mingga yaqin aholiga ichimlik suvi etkazib berilishi ko`zda tutilgan.
Aksiya doirasida kelib tushgan va sarflangan mablag`lar to`g`risidagi barcha ma`lumotlar Hayotulash.uz saytida hamda @hayotulash Telegram kanalida doimiy e`lon qilib boriladi.






