AsosiyJamiyat

2024 yildan yo`l qurilishiga xususiy sektor jalb qilinadi

'2024 yildan yo`l qurilishiga xususiy sektor jalb qilinadi'ning rasmi

Joriy yil 10-oktyabr kuni “Yo`l xo`jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko`ra, 2024-yil 1-yanvardan:

— avtomobil yo`llarida bajariladigan ish turlari qurish va rekonstruksiya qilish, ta`mirlash hamda saqlashdan iborat bo`ladi;

— loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, yo`l-qurilish ishlarini amalga oshirish, shuningdek, ularni qabul qilib olishda hajm va sifat ko`rsatkichlarini nazarda tutadigan tizim (“hajm uslubi”) joriy etiladi;

— avtomobil yo`llarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlangan obektlarning asosiy konstruktiv elementlari bo`yicha kamida uch yillik kafolatli xizmat qilish muddati joriy qilinadi;

— yilning harorat yuqori bo`lgan vaqtlarida avtomobil yo`llarida yuk tashuvchi transport vositalari va avtopoezd (tirkama)larning (maxsus transport vositalaridan tashqari) harakatlanishiga mavsumiy cheklovlar o`rnatiladi.

Xalqaro ahamiyatdagi M39 “Toshkent – Termiz” avtomobil yo`lining “Toshkent – Chinoz” yo`nalishidagi 817 – 827 km qismini ilg`or xorijiy texnologiyalar va zamonaviy xalqaro standartlar asosida sement-beton qoplama qurgan holda rekonstruksiya qilish loyihasi amalga oshiriladi.

1. 2025-yil 1-yanvardan yangidan boshlanadigan yo`l-qurilish obektlarida loyihani muhandislik boshqarish va texnik nazorat qilish ishlari autsorsing shartlari asosida Xalqaro muhandislar-konsultantlar federasiyasi (FIDIC) amaliyoti va hujjatlariga muvofiq mustaqil tashkilotlar, shu jumladan xususiy sektor tomonidan amalga oshiriladi.

2023-yil 31-dekabrgacha Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan avtomobil yo`llari, ko`priklar va sun`iy inshootlarni loyihalashtirish (shu jumladan, texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish), qurish va rekonstruksiya qilish bo`yicha loyiha-qidiruv hamda qurilish-pudrat tashkilotlarini “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida baholash mezonlari takomillashtiriladi.

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo`llari bo`yida yashil hududlarni barpo etish doirasida Avtomobil yo`llari qo`mitasi tarkibidagi “O`zyo`lko`kalamzorlashtirish” davlat muassasasining hududiy bo`linmalari Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tasarrufiga o`tkaziladi.

2024-yil 1-yanvardan tajriba-sinov tariqasida Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda uzunligi 20 kmgacha bo`lgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo`llarini ekspluatasiya qilish ishlariga autsorsing asosida xususiy sektor jalb qilinadi.

Avtomobil yo`llari qo`mitasi tarkibida quyidagilar tashkil etiladi:

- “O`zyo`lko`prik” klasteri va uning hududiy filiallari;
- “Avtomobil yo`llari texnik holati tahlili va harakat xavfsizligi markazi” davlat muassasasi.

2024-yildan xo`jaliklararo qishloq avtomobil yo`llari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko`chalarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta`mirlash uchun byudjet mablag`lari faqat “Mening yo`lim” dasturi orqali ajratiladi.

    Boshqa yangiliklar