AsosiyJamiyat

Prezident Samarqanddagi “Buyuk ipak yo`li” xalqaro turizm markazida tashkil etilgan O`zbekistonning turizm salohiyati ko`rgazmasi bilan tanishdi

'Prezident Samarqanddagi “Buyuk ipak yo`li” xalqaro turizm markazida tashkil etilgan O`zbekistonning turizm salohiyati ko`rgazmasi bilan tanishdi'ning rasmi

Davlat rahbari Samarqanddagi “Buyuk ipak yo`li” xalqaro turizm markazida tashkil etilgan O`zbekistonning turizm salohiyati ko`rgazmasi bilan tanishdi.

Ma`lumki, shu kunlarda Samarqandda Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi bo`lib o`tmoqda. Bu mamlakatimizdagi ochiqlik va erkinlik, ulkan sayyohlik salohiyatining e`tirofi, deyish mumkin.

Ushbu omillarga tayanib, yurtimizda turizmni rivojlantirish uchun barcha qulayliklar yaratilmoqda. Salkam yuzta mamlakat fuqarolari O`zbekistonga vizasiz kirishi mumkin. Yana 55 ta davlat sayyohlari uchun soddalashtirilgan elektron viza tartibi joriy etilgan.

Turizm infratuzilmasi ham rivojlantirilib, mehmonxonalar, sayohat joylari va yo`nalishlari ko`payib bormoqda. Joriy yilning o`zida 15 mingta yangi mehmon o`rni tashkil etilib, ularning soni qariyb 140 mingtaga etdi. 540 ta dam olish maskani barpo etilib, 70 ta turizm marshruti ochildi. 6 ta xususiy aviakompaniya ish boshladi. 

Prezident Shavkat Mirziyoev bu sohada hali imkoniyatlar ko`pligini, Butunjahon turizm tashkilotining yig`ilishi ularni ko`rsatish uchun qulay fursat ekanini ta`kidlagan edi. Katta maydon ana shu maqsad yo`lida yaratildi. 

Unda mamlakatimiz 14 hududining turizm va investisiyaviy salohiyati namoyish etilgan. Zomin, Chorvoq, Chimyon kabi xushtabiat go`shalarning turistik-rekreasion imkoniyatlari, turizm qishloqlarining manzaralari, eko va ekstremal sayohat manzillari haqida ma`lumotlar jamlangan. 

Turizm qo`mitasi, “O`zbekiston temir yo`llari”, “O`zbekiston aeroportlari” va “O`zbekistan vertolyotlari” kabi stendlar tashkil qilingan. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining turizm salohiyati, xorijiy hamkorlar ishtirokidagi startap loyihalar ham taqdim qilingan. 

Umuman, ko`rgazmada jami 2 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar investorlarga taqdim etiladi.

Davlatimiz rahbari Butunjahon turizm tashkiloti bosh kotibi Zurab Pololikashvili bilan birga ekspozisiyalarni ko`zdan kechirdi. Hududlardagi diqqatga sazovor manzillar atrofida turizm maskanlari barpo etib, qulayliklarni kengaytirish, investorlar bilan aniq loyihalarni shakllantirish yuzasidan mutasaddilarga ko`rsatmalar berildi.

    Boshqa yangiliklar