Bir qator Evropa davlatlari rasmiylari Isroil-Falastin mojarosining so`nggi paytlarda kuchayishi fonida Falastinni qo`llab-quvvatlovchi namoyishlarni taqiqlamoqda.
Shu bilan birga, ushbu davlatlarda Isroilni qo`llab-quvvatlovchi harakatlarni oldini olish uchun shunga o`xshash choralar joriy etilmagan.
Falastin birdamlik yurishlari polisiyaning yaqin nazorati ostida o`tmoqda. Huquq-tartibot idoralari rasmiylar ruxsat bergan marshrutdan chetga chiqqan miting ishtirokchilari hibsga olinishi haqida ogohlantirmoqda. Xavfsizlik kuchlari tomonidan bunday mitinglarni zo`ravonlik bilan tarqatib yuborish, jumladan, ko`zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatish holatlari qayd etilgan.
14 oktyabr kuni Londonda o`n minglab odamlar Falastin bilan birdamlik namoyishi va Isroilning Falastin huquqlarini poymol etayotganiga Britaniya hukumati e`tibor bermasligiga norozilik bildirish uchun BBC shtab-kvartirasi oldiga yig`ildi.
Poytaxt polisiyasi mitingchilarni ruxsat etilgan marshrutni buzgan taqdirda va namoyishni Isroil elchixonasi oldiga ko`chirishga urinsa hibsga olinishidan ogohlantirdi.
London polisiyasiga ko`ra, aksiya davomida 15 kishi hibsga olingan.
Avvalroq Britaniya ichki ishlar vaziri mamlakat ko`chalarida Falastin ramzlarining paydo bo`lishi qonun buzilishi sifatida baholanishi mumkinligini aytgan edi. Biroq London aholisi departamentning taqiqlariga e`tibor bermay Britaniya poytaxti ko`chalarini Falastin bayroqlari bilan to`ldirishgan.
Fransiyada Falastin bilan birdamlik namoyishlari Parij, Strasburg, Lion va Marselda mahalliy hokimiyatlar tomonidan "jamoat tartibini buzish xavfi tug`diradi" degan sabab bilan bir necha bor taqiqlangan.
Biroq taqiqlarga qaramay, mamlakat shaharlarida Falastin aholisini qo`llab-quvvatlash maqsadida namoyishlar bo`lib o`tdi. Polisiya Strasburg, Marsel va Lionda jami 20 ga yaqin namoyishchini hibsga oldi.
Isroil-Falastin mojarosining so`nggi keskinlashuvi fonida Berlin polisiyasi 11 oktyabrdan beri falastinliklar bilan birdamlik namoyishlarini o`tkazishga ruxsat bermayapti.
Biroq taqiqga qaramay, bir guruh namoyishchilar 14 oktyabr kuni Brandenburg darvozasi oldidagi maydonda to`planishdi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari ovoz kuchaytirgichlar yordamida faollardan hududni tark etishni talab qilishgan. Miting ishtirokchilari orasida hibsga olinganlar.
Shveytsariyada Falastinni qo`llab-quvvatlovchi namoyishlar qattiq xavfsizlik ostida o`tkazildi. Mitinglar Bern va Jenevada bo`lib o`tdi, Bazel va Tsyurix hukumati Falastin tarafdori namoyishlar tashkil qilishni taqiqladi.
16.10.2023 20:07
Evropada Falastinni qo`llab-quvvatlovchi namoyishlar taqiqlanmoqda






