Joriy yilning 16 oktyabrga o`tar kechasi Farg`onada 2 kishi harbiylar tomonidan qurol qo`llanilishi oqibatida vafot etdi.
Farg`ona tumani «Vodil» aholi punktida o`z xizmat vazifasini o`tayotgan Chegara qo`shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan «Bo`ston» mahalla fuqarolar yig`ini hududidan harakatlanib kelayotgan mahalliy fuqarolar A.M. va O.Yu. ismli shaxslar boshqaruvidagi avtotransport vositasi to`xtatilib, belgilangan tartibda ko`rikdan o`tkazilganida mazkur avtotransport vositasining salon qismida mamlakat hududiga noqonuniy ravishda olib kirilgan tovar-moddiy boyliklari borligi aniqlangan.
Ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida Chegara qo`shinlari bo`linmasiga borish taklif etilganida, fuqarolar A.M. va O.Yu. hamda voqea sodir bo`lgan hudud yaqinida yig`ilgan ularning o`n nafarga yaqin sheriklari, spirtli ichimlik ta`sirida harbiy xizmatchilarning qonuniy talablariga bo`ysunmaganlar va chegarachilarga faol qarshilik ko`rsatib, ularga nisbatan kuch ishlatishgan.
Natijada harbiy xizmatchilar turli ko`rinishdagi tan jarohatlarini olgan. Qarshilik ko`rsatayotgan kuchlar teng kelmaganligi bois, chegarachilar fuqarolarning noqonuniy harakatlarini to`xtatish maqsadida ogohlantiruvchi o`q uzishiga qaramasdan, ular g`ayriqonuniy hatti-harakatlarini davom ettirganlar.
Ogohlantirishdan to`g`ri xulosa qilmay, harbiy xizmatchilarga faol qarshilik ko`rsatishda davom etgan fuqarolarning ikki nafari qurol qo`llanilishi natijasida voqea joyida vafot etgan.
Mazkur holat bo`yicha tegishli huquq-tartibot idoralari tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.






