JSST tomonidan e`lon qilingan yangi hisobotda keltirilishicha, keksalikni sog`lom va zavqli o`tkazish uchun, avvalo, osh tuz iste`molini kamaytirish hamda transyog`lar va shakar tanavvulini cheklash kerak.
Chunki dunyo bo`yicha katta yoshli aholining har 3 nafardan biri gipertoniyadan aziyat chekmoqda. Bu esa yurak-qon tomir va asab tizimi, buyrak kasalliklari, oshqozon saratoni, semizlik, osteoporozdan aziyat chekuvchi bemorlar soni ko`payishiga olib kelyapti.
Qolaversa, 65 yoshdan oshgan odamlar haftasiga kamida ikki yarim soat o`rtacha intensivlikdagi jismoniy mashg`ulotlar bilan shug`ullanishlari kerak.
Negaki, kamharakatlik oqibatida dunyo bo`yicha yiliga 5 million kishi hayotdan ko`z yummoqda. Eng yomoni, kelgusida bu ko`rsatkichlar yanada ortishi mumkin.
Vaholanki, olimlar kuniga 11 daqiqa piyoda yurish erta o`lim xavfini 10 foizga kamaytirishini tadqiq etgan.
Haftada kamida ikki kun mushaklarni chiniqtiruvchi mashg`ulotlarni bajarish ham organizmning kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyatini kuchaytiradi.
Surunkali xastaliklardan aziyat chekayotganlar ham imkon qadar jismoniy faollik asosida hayot kechirishlari foydali.






