Hukumat qarori bilan Xususiy mulkdorlar buyurtmasi asosida ularning mulklarini soddalashtirilgan tartib va muddatlarda “E-auksion shop” elektron savdo do`koni orqali sotish va ijaraga berish bo`yicha savdolar o`tkazish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Huquqiy axborot xabar bermoqda.
Xususiy mulkdorlar buyurtmasiga asosan ularning mulklari “E-auksion shop” elektron savdo do`konida quyidagi usullarda sotiladi:
- narxni oshirib borish tamoyili asosida;
- e`lon qilingan narxda sotish orqali.
Savdoda ishtirok etish uchun savdo platformasida ro`yxatdan o`tish zarur.
Savdoga qo`yilgan buyurtmani ishtirokchi tomonidan narx tasdiqlangungacha savdo platformasidan 2 martagacha bepul qaytarib olish mumkin.
Savdoga qo`yilgan buyurtmani qaytarib olish:
- 3-martadan boshlab BHMning 1 baravari;
- 5-martadan BHMning 3 baravari;
- 7-martadan BHMning 10 baravari miqdorida to`lov undiriladi.
Narxni oshirib borish usuli orqali savdolar kamida 2 ta ishtirokchi bo`lganda o`tkaziladi.
Boshlang`ich narx buyurtmachining buyurtmasiga asosan belgilanadi. Savdo birinchi to`rtta qadamda – boshlang`ich narxning 5 foizi miqdorida, beshinchi va undan keyingi qadamlarda – boshlang`ich narxning 3 foizi miqdorida belgilanadi.
Mulkka berilgan har bir taklif savdoni o`tkazish vaqtini 10 daqiqadan uzaytirib boradi. Agar oxirgi tasdiqlangan taklifdan so`ng 10 daqiqa davomida keyingi oshirilgan lot narxi bo`yicha taklif ishtirokchilarning birontasi tomonidan tasdiqlanmasa, savdolar yakunlanadi. Oxirgi taklifni tasdiqlagan ishtirokchi savdo g`olibi deb topiladi.
Mulk uchun to`lov bir yo`la yoki bo`lib-bo`lib to`lash orqali amalga oshiriladi. Bo`lib-bo`lib to`lash buyurtmachi va savdo g`olibi o`rtasida o`zaro kelishuv bo`yicha belgilanadi.
Savdo g`olibidan bir qadam past narx taklifini tasdiqlagan ishtirokchi salohiyatli g`olib deb e`tirof etiladi.
Savdolar quyidagi hollarda o`tkazilmagan deb topiladi:
- savdolarda qatnashish uchun bironta ham talabgordan ariza kelib tushmagan bo`lsa;
- savdolar kuni ishtirokchilar tomonidan bironta ham taklif tasdiqlanmasa;
- to`lovlar o`z vaqtida to`lanmagan bo`lsa.
E`lon qilingan narx bo`yicha sotishda e`lon buyurtmachining ixtiyoriga ko`ra belgilangan muddat yoki sotilgungacha elektron do`konga joylashtiriladi.
17.10.2023 14:21
Xususiy mulkni “E-auksion shop” platformasi orqali sotish tartibi tasdiqlandi






