AsosiyJamiyat

Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakolatlari Investisiyalar vazirligi hisobiga kengaytirildi

'Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakolatlari Investisiyalar vazirligi hisobiga kengaytirildi'ning rasmi

“Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini jadal rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Norma xabar beradi.

Hujjatga asosan, davlat sanoat siyosatini amalga oshirish hamda sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish bo`yicha vazifa va funksiyalar Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuklanadi. Bunda, Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi mahalliy sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarish, investisiya, eksport, mahalliylashtirish va sanoat zonalarini rivojlantirish masalalari uchun mas`ul hisoblanadi.

Quyidagilar Iqtisodiyot va moliya vazirligining sanoatni rivojlantirish bo`yicha asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • yagona sanoat siyosatini amalga oshirish hamda sanoat tarmoqlarini rivojlantirish borasida zamonaviy mexanizmlarni joriy etish;
  • hududlarning tabiiy xom ashyo, mehnat resurslarini va nisbiy ustunliklarini inobatga olgan holda sanoatni rivojlantirishga turtki beradigan yo`nalishlarni belgilash va ularning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
  • sanoatning bazaviy tarmoqlari, jumladan, neft-gaz, energetika, kimyo, tog`-kon, mashinasozlik sanoatini rivojlantirish, raqobatbardoshligini oshirish, diversifikasiya qilish hamda ularni isloh qilish strategiyalari va dasturlarini ishlab chiqish;
  • resurslarning tarmoqlararo va hududlar bo`yicha mutanosib ravishda taqsimlanishini hamda infratuzilmaning o`zaro muvozanatlashgan rivojlanishini ta`minlash;
  • tegishli vazirliklar bilan birgalikda energiya resurslari, qimmatbaho va rangli metallar, boshqa strategik resurslarni ishlab chiqarish, ularning iste`mol balansini shakllantirish va monitoring qilish hamda ishlab chiqarish kuchlarini optimal joylashtirish.

Iqtisodiyot va moliya vazirligida xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda Sanoat siyosatini amalga oshirish va sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish yo`nalishlarini ishlab chiqish bo`yicha loyiha ofisi tashkil etiladi. Vazirlikka Loyiha ofisi faoliyatini qo`llab-quvvatlash uchun, istisno tariqasida, xalqaro konsalting kompaniyalari bilan to`g`ridan to`g`ri shartnomalar tuzishga ruxsat etildi.

Shuningdek, farmon bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga quyidagilarni o`tkazish nazarda tutilgan:

  • “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK;
  • Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi markaziy apparatining 45 ta shtat birligi.

Bundan tashqari, hujjat bilan quyidagilar belgilandi:

  • kaustik soda, kalsiylangan soda, qurilish oynasi, texnik kerosin, neft parafini, formalin mahsulotlarini monopolist korxonalar tomonidan faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida sotiladigan yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar, xom ashyo va materiallarning Ro`yxatidan chiqarish (17.03.2021 yildagi PQ-5031-son qaror bilan tasdiqlangan);
  • Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasiga tovar-xom ashyo birjalari savdolariga ruxsat etiladigan tovar va xom ashyolarga mezonlar va tavsiflarni belgilash hamda Ro`yxatga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish huquqini berish.

Hujjat Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasida e`lon qilingan va 2023 yil 13 oktyabrdan kuchga kirdi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar