"Elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog`liq huquqbuzarliklar to`g`risidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni qabul qilish, ko`rib chiqish hamda ularni takdim etgan shaxslarni rag`batlantirish tartibi haqidagi nizomni tasdiqlash to`g`risida"gi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog`liq huquqbuzarliklar to`g`risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni qabul qilish, ko`rib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni rag`batlantirish maqsadida 1 noyabrga qadar “Uzenergo” mobil ilovasi ishlab chiqiladi.
Huqubuzarlik holatlari to`g`risidagi videoyozuvlarni taqdim etgan shaxslar to`g`risidagi ma`lumotlar oshkor etilishiga yo`l qo`yilmaydi va ularga murojaati natijalari yuzasidan ma`lumotlar yuboriladi.
Elektr, issiqlik va gazdan foydalanish qoidabuzarliklari haqida xabar berganlarga quyidagicha miqdorda pul mukofoti beriladi:
- elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash holatlari aniqlanganda — undirilgan jarimaning 10 foizi;
- umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o`zboshimchalik bilan ulanish yoki hisoblagichlar ko`rsatkichlarini o`zgartirish, plombalariga qasddan shikast etkazish aniqlanganda — jarimaning 7 foizi;
- o`zboshimchalik bilan egallab olingan er uchastkalarida qurilgan binolarni elektr, issiqlik va gaz tarmoqlariga o`zboshimchalik ulash holatlari aniqlanganda — jarimaning 2 foizi;
- elektr tarmoqlarini muhofaza qilish qoidalarini buzish holatlari aniqlanganda — jarimaning 20 foizi;
- gazdan yoqilg`i yoki xomashyo sifatida foydalanish bilan bog`liq huquqbuzarliklar aniqlanganda — jarimaning 20 foizi;
- elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog`liq boshqa ma`muriy huquqbuzarliklar bo`yicha — huquqbuzardan undirilgan mablag`lar hisobidan BHMning 30 foizi miqdorida.
Jismoniy shaxslarning videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari bo`yicha huquqbuzarlardan undirilgan jarimalar quyidagilarga yo`naltiriladi:
- “O`zenergoinspeksiya” hisobvarag`iga — undirilgan summaning 50 foizi;
- Tegishliligi bo`yicha elektr va issiqlik energiyasi hamda tabiiy gaz ta`minoti korxonalari hisobvaraqlariga — undirilgan summaning 50 foizi.
Shuningdek, 2023 yil 1 dekabrga qadar huquqbuzarlik holatlari, shu jumladan, tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini muntazam ravishda qasddan buzgan iste`molchilarning yagona elektron reestri joriy etiladi.






