O`zbekistonda 65 nafar bolaning o`limiga sababchi deya qaralayotgan “Dok-1 Maks” siropi bo`yicha boshlangan sud 18 oktyabr kuni o`z ishini davom etirdi.
“Daryo” xabariga ko`ra, navbatdagi majlisida mazkur siropning 2021 yilda mamlakatga kirib kelgan asal ta`mli qismida ham zaharli moddalar bor bo`lgani, ammo bundan hech kim shikoyat qilmagani aytildi.
“Dok-1 Maks” siropining 2020 yilda ishlab chiqarilgan limon ta`mli qismida zaharli modda bo`lmagan, biroq 2021 yilda ishlab chiqarilgan asal ta`mli seriyasida esa bolalar o`limiga sabab bo`lgan zaharli modda — etilenglikol moddasi bo`lgan.
“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUKning Dori vositalari sifatini nazorat qilish va standartlash laboratoriyasi mudiri G.B ishlab chiqaruvchi tomonidan 2021 yil laboratoriya uchun taqdim etilgan limon ta`mli siroplarda o`limga sabab bo`luvchi zaharli modda chiqmaganligini aytgan.
Uning bildirishicha, qayta ro`yxatdan o`tkazish maqsadida laboratoriya sinovlari uchun berilgan 33 flakon siroplar orasida 2020 yilda ishlab chiqarilgan limon ta`mli siroplar ham bo`lgan. O`zbekistonda siropdan bolalarning ommaviy zaharlanishi kuzatilgani taxmin qilingach, mazkur siroplar tekshiruvdan o`tkazilgan. Ammo ularda zaharli moddalar topilmagan.
Ishlab chiqaruvchilar tomonidan 2021 yilda ishlab chiqarilgan asal ta`mli siroplardan esa etilenglikol moddasi chiqqan. Aytilishicha, mazkur siroplar O`zbekistonga kiritilgan bo`lsa-da, sotuvga chiqishga ulgurmagan.
Sudya Muso Yusupovning sud majlislaridan birida qayd etishicha, 2022 yil O`zbekistonga hindistonlik ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlangan “Dok-1 Maks” siropidan 256 ming flakon kirib kelgan. O`zbekistonlik 65 nafar bola aynan shu siroplardan zaharlangan.






