Ijtimoiy tarmoqlarida Farg`ona viloyatining Dang`ara tumanida J.T. ismli IIO xodimi akasining yonini olib, o`qituvchini kaltaklagani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, kecha, 21 oktyabr kuni Dang`ara tumani “Pishqaron” MFYda joylashgan baliqxona yonida fuqaro M.M. tanishi D.T (videoxabardagi shaxs) bilan pul oldi-berdisi masalasida o`zaro janjallashib ketgan.
Oqibatda M.M. D.T.ning yuz va bosh qismiga urib, tan jaroxati etkazgan. Hodisa joyiga tuman IIB xodimlari etib borgan hamda holat tegishli tartibda ro`yxatga olingan.
“Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Videoxabarda keltirilgan M.M.ning IIO xodimi J.T.ga qarindoshligi aniqlanmadi”, deyiladi munosabatda.
Boshqarma xabariga ko`ra, mazkur holat viloyat IIB rahbariyati tomonidan aloxida nozoratga olingan va yakuniga ko`ra, qonun ustuvorligi, jazo muqarrarligi ta`minlanadi.
Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi Farg`ona viloyati boshqarmasining ma`lum qilishicha, D.T. Dang`ara tumani 1-sonli kasb-hunar kollejida o`qituvchi bo`lib ishlagan, biroq u 1 yil avval ishdan bo`shagan va hozirda ta`lim tizimida ishlamaydi.






