AsosiyJamiyat

Zurab Pololikashvili UNWTO Bosh kotibi lavozimiga 3-muddatga saylandi

'Zurab Pololikashvili UNWTO Bosh kotibi lavozimiga 3-muddatga saylandi'ning rasmi

Samarqandda bo`lib o`tgan BMT Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining yubiley 25-sessiyasida Zurab Pololikashviliga faoliyatini davom ettirish uchun qayta saylanish imkoniyati berildi.

Ma`lumot uchun, Zurab Pololikashvili 2017 yilda UNWTO Bosh kotibiga aylangan. 2022 yilda Madridda bo`lib o`tgan Bosh Assambleyaning 24-sessiyasida esa ikkinchi bor qayta saylandi. Uning amaldagi vakolat muddati 2025 yilda tugaydi. Shu yili Saudiya Arabistoni mezbonlik qiladigan UNWTO Bosh Assambleyasining 26-sessiyasida tashkilot bosh kotibligiga navbatdagi saylov o`tkaziladi.

Ta`kidlash joizki, Zurab Pololikashvili boshchiligida UNWTO tomonidan bir qancha ijobiy o`zgarishlar amalga oshirilmoqda. UNWTOga a`zo davlatlarda xorijlik turistlar soni keskin oshdi. Xususan, O`zbekistonga 2022 yilda 5,2 million xorijlik sayyoh kelgan bo`lsa, 2023 yilda bu raqam 7 millionga etdi.  

Alohida qayd etish kerakki, pandemiya davrida ham Z.Pololikashvili turizm sohasi rivojiga qaratilgan turli tadbirlarni amalga oshirdi. Buning samarasi o`laroq turizm sohasi barqarorligini nisbatan saqlab qoldi va pandemiyadan keyin jadal suratlarda rivojlanmoqda.  

Qolaversa, tashkilotga a`zo davlatlar soni ortib bormoqda. So`nggi ikki yil ichida moliyaviy menejmentda misli ko`rilmagan muvaffaqiyatga erishildi: 2023-yilda tashkilot byudjetning muntazam daromadi 14,3 million evroga etdi. Zurab Pololikashvili bu mablag`lar tashkilotga a`zo davlatlarda turizm sohasi rivoji uchun sarflanishini bir necha bor ta`kidlagan.  

Bundan tashqari, UNWTO hozirda 58 millat vakillaridan iborat 186 nafar xodimga ega. Tashkilot yosh iste`dodlarni qo`llab-quvvatlamoqda, gender tengligiga amal qilmoqda.  

Z.Pololikashvili UNWTO Bosh kotibi sifatida Argentina, Xitoy, Hindiston, O`zbekiston kabi davlatlardagi faoliyatini yanada kuchaytirish niyatida. Tashkilot, shuningdek, ta`limni kuchaytirish, investisiyalarni oshirish va izchil islohotlar orqali turizm sohasini yanada rivojlantirishni ustuvor maqsad sifatida belgilagan.

    Boshqa yangiliklar