Toshkentdagi binolardan birida ichida odamlar bo`lgan lift 9-qavatdan qulab tushgani aytilgan xabar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan Mirzo Ulug`bek tumani hokimligi Matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 24 oktyabr kuni 253-uyning 2 yo`lagida o`rnatilgan "SIGLEN" rusumli 2020 yilda ishlab chiqarilgan ko`tarish qobiliyati 1000 kg bo`lgan lift qurilmasidan ushbu uyda yashovchi fuqarolar foydalanish davrida liftga belgilangan tartibda texnik xizmat ko`rsatilmagani sababli shaxta kabinasi eshiklari konaktlari bo`shab qolgan hamda tashqaridan qo`l yordamida ochilishi natijasida lift shaxta eshigi xavfsizlik moslamasi ishga tushgan, natijada lift darhol to`xtab qolgan.
"O`rganish davomida lift tushib ketmagani, aksincha tegishli xavfsizlik qurilmasi ishga tushib darhol to`xtagani aniqlandi. Hozirda maxsus tashkilot tomonidan barcha kamchiliklar bartaraf etilmoqda. Lift takroran sinovdan o`tkazilmoqda. Sodir bo`lgan holat bo`yicha jabrlanganlar mavjud emas", deyiladi xabarda.