Toshkentdagi binolardan birida ichida odamlar bo`lgan lift 9-qavatdan qulab tushgani aytilgan xabar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan Mirzo Ulug`bek tumani hokimligi Matbuot xizmati munosabat bildirgan edi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi, Tog`-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi, hokimlik hamda mazkur ko`p qavatli uylarga xizmat ko`rsatuvchi “Uyut komfort kommunal” boshqaruv servis kompaniyasi vakillaridan tashkil topgan ishchi guruh holatni voqea joyiga chiqqan holda o`rgangan.
Unga ko`ra, ko`tarish qurilmasi belgilangan tartibda davlat ro`yxatidan o`tkazilmaganligi va foydalanishga qabul qilinmaganligi aniqlandi. Shuningdek, liftda tegishli tartibda davriy sinov ishlari amalga oshirilmagan. Mazkur liftga texnik xizmat ko`rsatish bo`yicha maxsus tashkilot bilan shartnoma tuzilmagan hamda liftni soz holatda saqlash, uni bexatar ishlatish bo`yicha javobgar shaxs tayinlanmagan.
2020 yilda ishlab chiqarilgan, ko`tarish og`irligi 1 000 kg bo`lgan lift qurilmasiga belgilangan tartibda texnik xizmat ko`rsatilmaganligi sababli shaxta kabinasi eshiklarining kontaktlari bo`shab qolgan. Ushbu lift harakatda vaqtida kimdir liftning tashqi eshiklarini qo`l yordamida ochishga uringan. Natijada xavfsizlik moslamasi ishga tushgan va lift o`zini-o`zi to`xtatish vazifasini bajara boshlagan.
O`rganish davomida lift tushib ketmagani, aksincha tegishli xavfsizlik qurilmasi ishga tushgan holda to`xtagani aniqlandi. Hozirda tegishli tashkilotlar tomonidan liftdagi kamchiliklarni bartaraf etish va voqea tafsilotlarini chuqur o`rganish ishlari amalga oshirilmoqda. Hodisadan hech kim jabrlanmagan.
Eslatib o`tamiz, liftlarda mana shunday holatlarning oldini olish maqsadida joriy yilning avgust oyidan boshlab Tog`-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan ro`yxatga olinmagan lift uskunalarini foydalanishga qabul qilish to`xtatilgan.