AsosiyJamiyat

Qirg`izistonda bo`lib o`tgan ShHT hukumat rahbarlari kengashi majlisida 13 ta hujjat imzolandi

'Qirg`izistonda bo`lib o`tgan ShHT hukumat rahbarlari kengashi majlisida 13 ta hujjat imzolandi'ning rasmi

Bugun, 26 oktyabr kuni Qirg`iz Respublikasi Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti hukumat rahbarlari kengashining majlisi bo`lib o`tdi.

Unda Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar, Eron birinchi vise-prezidenti Moxammad Moxber, Qozog`iston Bosh vaziri Alixan Smailov, Xitoy Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan, Qirg`iziston Bosh vaziri Aqilbek Japarov, Pokiston tashqi ishlar vaziri Jalil Abbas Jilani, Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin, Tojikiston Bosh vaziri Kohir Rasulzoda, O`zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda ShHT bosh kotibi Chjan Min va Tashkilotning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo`mitasi direktori Ruslan Mirzaev ham qatnashdi. 

Kuzatuvchi mamlakatlar va faxriy mehmonlar sifatida majlisda Belarus Bosh vaziri Roman Golovchenko, Mo`g`uliston Bosh vaziri Luvsannamsrayn Oyuun-Erdene, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o`rinbosari Xojamirat Geldimiradov hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Bosh kotibi Sergey Lebedev, Evroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay`ati raisi Mixail Myasnikovich ishtirok etdi.

“Ala-Archa” davlat qarorgohida majlis qatnashchilarini dastlab Qirg`iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov qabul qildi.

Shundan so`ng, hukumat rahbarlarining kengaytirilgan tarkibda majlisi bo`ldi. Uni Qirg`iz Respublikasi Bosh vaziri Aqilbek Japarov ochdi.

Kun tartibiga muvofiq, dolzarb iqtisodiy va gumanitar masalalar yuzasidan fikr almashildi, ko`p qirrali va o`zaro manfaatli hamkorlikni yana-da kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Bugungi kunda ko`plab davlatlar yangi xavf va tahdidlarning oqibatlarini boshdan kechirmoqda. Bunday murakkab sharoitda barqaror rivojlanishni ta`minlash va xalqlarimiz turmush darajasini yuksaltirishga qaratilgan o`zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish ShHTning ustuvor vazifalaridan biri ekani ta`kidlandi.

Joriy yilning iyul oyida Dehli sammiti yakunlari bo`yicha ko`plab kelishuvlarga erishildi. Tashkilot doirasidagi ko`p qirrali amaliy hamkorlikni kengaytirish bo`yicha qator vazifalar belgilab berildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Dehli sammitida so`zlagan nutqida ShHT ulkan iqtisodiy imkoniyatlar hududi, barcha mamlakatlarning uzoq muddatli barqaror rivojlanishi uchun platforma va resurs bazasi ekanligini ta`kidladi.

Chindan ham, o`tgan yil yakunlariga ko`ra O`zbekistonning ShHTga a`zo davlatlar bilan tashqi savdo aylanmasi 22 foiz oshgan.

Birgina shu yil boshidan buyon O`zbekistonda ShHTga a`zo davlatlar kompaniyalari ishtirokida mingdan ortiq yangi korxona tashkil etildi va ularning umumiy soni 8 mingga etdi.

Davlat rahbari Dehli sammitida Tashkilotning katta salohiyatidan unumli foydallanishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surgan edi.

O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov so`zlagan nutqida mazkur tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida umumiy sa`y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi.

Ushbu tashabbuslar ShHT doirasida savdo, investisiya, transport va logistika, sanoat kooperasiyasi, innovasiya, oziq-ovqat xavfsizligi, turizm, ekologiya, hududlararo hamkorlik, yoshlar siyosati, sport va boshqa yo`nalishlar bo`yicha o`zaro manfaatli ko`p tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Tadbir yakunida ShHTga a`zo davlatlar hukumat rahbarlari Qushma kommyunike qabul qildi hamda Tashkilot faoliyatiga tegishli 13 ta hujjatni imzoladi.

ShHT hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi 2024 yilda Pokistonda bo`lib o`tadi.

    Boshqa yangiliklar