AsosiyJamiyat

Samarqand "Jahon madaniy turizm poytaxti" deb e`lon qilindi

'Samarqand "Jahon madaniy turizm poytaxti" deb e`lon qilindi'ning rasmi

Joriy yilning 16 oktyabr kuni BMT Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining yubiley 25-sessiyasi doirasida Samarqand shahriga “Jahon madaniy turizm poytaxti” maqomini berish to`g`risida deklarasiya qabul qilindi, deya xabar bermoqda O`zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo`mitasi. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev, BMT Butunjahon turizm tashkiloti Bosh kotibi Zurab Pololikashvili hamda O`zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ishtirokida muhim hujjat imzolandi.

UNWTOning yubiley sessiyasi ochilish marosimida nutq so`zlagan Shavkat Mirziyoev Samarqandga “Jahon madaniyati poytaxti” maqomini berish tashabbusini bildirdi va tadbirda qatnashayotgan xorijiy delegatlarni deklarasiya imzolanishini qo`llab-quvvatlashga chaqirdi:

– Tashkilot yubiley yig`ilishining Buyuk Ipak yo`li gavhari, Yangi O`zbekistonning yirik sayyohlik markazi bo`lmish qadimiy Samarqandda o`tkazilishi chuqur ramziy ma`noga ega. Sharq Uyg`onish davrining ikki buyuk davri rivojiga ulkan hissa qo`shgan Samarqand bugun dunyoning zamonaviy sayyohlik markazlaridan biriga aylanib bormoqda. 

Samarqandni “Jahon madaniy turizm poytaxti” deb e`lon qilish va tegishli deklarasiyani qabul qilish haqidagi tashabbusimizni qo`llab-quvvatlaysiz, degan umiddaman. Bu yuksak maqom ko`p asrlar davomida o`zining betakrorligi va bebaho merosini asrab-avaylab kelayotgan, bag`rikengligi va mehmondo`stligi bilan keng tanilgan Samarqandning jahon miqyosidagi shuhratini e`tirof etadi”.

Ta`kidlash joizki, Samarqandga faxriy maqomning berilishi xalqaro hamjamiyat tomonidan tarixiy shaharning muhim madaniy turizm markazi sifatida e`tirof etilishini anglatadi. 

Ma`lumot uchun, shaharda turizm infratuzilmasini yaxshilash borasida 1 milliard dollardan ortiq  investisiyalar ajratilgan. Keng ko`lamli tadbirlar o`tkaziladigan joy – “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazi ushbu investisiyalarning yirik loyihalaridan biri hisoblanadi, deyiladi xabarda. 

    Boshqa yangiliklar