AsosiyJamiyat

Endi ijtimoiy nafaqalarni tayinlashda inson omiliga chek qo`yiladi

'Endi ijtimoiy nafaqalarni tayinlashda inson omiliga chek qo`yiladi'ning rasmi

Hozirgi kunda kam ta`minlangan oilalarga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash yoki rad etish bo`yicha qaror oilaning daromadi, bandligi va boshqa ma`lumotlar vazirlik va idoralarning elektron ma`lumotlariga asosan chiqariladi.

Biroq, xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarning elektron ma`lumotlar bazasi mavjud emasligi sababli, nafaqa tayinlash uchun arizalarda ushbu ma`lumotlar mahalla raislari tomonidan belgilab beriladi. Bunda ushbu oila a`zosidan bandlik talab etilmaydi.

Amaliyotda esa mahalla raislarining ham o`z hududidagi oila a`zolarining barchasi qaerda ekanligi to`g`risida to`liq ma`lumot mavjud emas. Natijada, ariza topshirayotgan oilaning a`zosini chet elda ekanligini aksariyat holatda fuqaroning so`ziga asosan belgilab beriladi. Bunda, ushbu fuqaro boshqa viloyatda yoki poytaxtda norasmiy ish bilan band bo`lsa ham “chet elda ishlaydi” deb belgilab berish holatlari mavjud.

Jumladan, o`tkazilgan o`rganishlarda 2 607 ta holatda fuqarolar xorijda bo`lmasada, mahalla fuqarolar yig`inlari tomonidan “chet elda ishlaydi” deb belgilab berilishi natijasida nafaqalar noto`g`ri tayinlanganligi aniqlanib, mazkur nafaqa to`lovlari to`xtatilgan.

Nafaqa tayinlashda inson omilini kamaytirish va mablag`larni maqsadsiz sarflanishini oldini olish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ijtimoiy himoya yagona reestri axborot tizimi orqali kam ta`minlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bo`yicha elektron ko`rinishda ariza berishni joriy etish to`g`risida”gi qaror loyihasi ishlab chiqildi.

Hujjatga asosan endilikda yangi tartibda fuqaroning xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotganligini to`g`risida ma`lumotlarni “Elektron hukumat” axborot tizimidan fuqaroning O`zbekiston Respublikasidan chiqib ketganligi va O`zbekiston Respublikasiga qaytganligi qayd etilgan ma`lumotlarga asosan elektron shaklda aniqlanadi.

Bu orqali ma`lumotlarni sohtalashtirish yoki mahalla raislari tomonidan bilib-bilmasdan noto`g`ri ma`lumot berish holatlariga barham beriladi.

    Boshqa yangiliklar