Avval xabar berganimizdek, Farg`ona viloyati huquq-tartibot idoralari bloger Olimjon Haydarov jinoiy ishi tergovini yakunlab, uni Farg`ona viloyati, Farg`ona tuman sudiga yuborgan. Sud shu yil 30 oktyabr kuniga tayinlangan edi.
O`zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg`ona viloyat bo`limining bergan xabariga ko`ra, sudlanuvchining himoyachisi Jabborovning sudga kiritgan iltimosnomasi tufayli sud 31 oktyabr kuni soat 11.00 ga ko`chirildi. Olimjon Haydarovning ishi jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona tuman sudining raisi Avazbek Ergashev tomonidan ko`rib chiqiladi. Ta`kidlanishicha, sud jarayoni ochiq bo`ladi.
Ma`lumki, Olimjon Haydarov jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan ayblangan. Jumladan JKning:
– 139-moddasi 2-qismi (OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali tuhmat qilish), 139-moddasi 3 qismi «a» bandi (og`ir yoki o`ta og`it jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilish),
–140-moddasi 3-qismi «a» bandi (jabrlanuvchini o`z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog`liq holda haqorat qilish),
– 165-moddasi 2-qismi «a» bandi (takroran yoki xavfli residivist tomonidan, ko`p miqdorda tovlamachilik qilish) bilan ayblangan.
O`zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg`ona viloyat bo`limi ochiq sud jarayonini kuzatib boradi, deyiladi xabarda.






