Prezident Shavkat Mirziyoev 30 oktyabr kuni Toshkent shahrida kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko`rish, transport infratuzilmasini yaxshilash bo`yicha olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida qator ob`ektlarga tashrif buyurdi.
Ob-havo noqulayliklari va harorat pasayishi davrida infratuzilma ob`ektlarida muammo kelib chiqishining oldini olish, yo`llarning sifati va xavfsizligini ta`minlash kabi vazifalar bugungi kunda o`ta dolzarb ahamiyatga ega bo`lib, bu masalalar Prezidentimizning doimiy diqqat markazida bo`lib turibdi.
Davlatimiz rahbari mazkur yo`nalishlardagi ishlarning borishi hamda bunyodkorlik jarayonlari bilan tanishuvni Toshkent xalqaro aeroportiga olib boruvchi yo`l o`tkazgichdan boshladi.
Ma`lumki, bu ko`prik Bobur ko`chasi bo`ylab Kichik halqa yo`li va temir yo`l ustidan o`tadi. Avtomobillar qatnoviga qulaylikni oshirish maqsadida bu erda avvalgi ko`prikka yondosh yana bir estakada qurilmoqda. U yig`ma monolit uslubida bo`lib, sifat talablariga mos.
Qurilish bitgach, ko`prikning eni 46 metrga etadi. Bir kecha-kunduzda 20 ming transportni o`tkazish qobiliyatiga ega bo`ladi. Ilgari bu ko`rsatkich 9-10 ming atrofida edi.
Ko`prik yonida 2 ta aylana, 4 ta yoysimon shakldagi chiqish-tushish yo`li barpo etilmoqda. Bu qayrilib olish xavfini yo`qotib, boshqa yo`llardagi harakatga qo`shilishni osonlashtiradi. Shuningdek, ko`prik ustida piyodalar va velosipedlar yo`laklari ham kengaytirildi.
Prezident bu erdagi qurilish jarayoni bilan tanishdi. Tutash yo`llarda ham piyodalar va avtomobillar harakatiga qulayliklarni oshirish, atrofni ko`kalamzorlashtirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
Transport infratuzilmasida havo portlari strategik ahamiyatga ega. Bu sohada “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati tuzilib, aeroportlar bosqichma-bosqich modernizasiya qilinmoqda.
So`nggi yillarda Toshkent xalqaro aeroportining 2-terminali yangilanib, o`tkazish quvvati 2 barobar oshirildi. Joriy yil boshida yana bir uchib ketish zali ta`mirlanib, qayta ochildi. Unda Duty Free do`konlari, “Art-bazar” savdo majmuasi, milliy zargarlik va gastronomiya do`konlari, dorixona, ona-bola xonasi, namozxona tashkil etildi.
Umuman, uch yillik rekonstruksiya ishlari natijasida poytaxt aeroportining jo`nab ketish terminali maydoni 56 ming kvadrat metrdan 80 ming kvadrat metrgacha kengaydi.
Ayni kunlarda yana bir xalqaro terminal rekonstruksiya qilinmoqda. Loyihaga ko`ra, binoning tashqi va ichki ko`rinishi milliy tusda pardozlanadi, kirish-chiqish yo`laklari kengaytiriladi. Mehmonlarni kutib olish va ularga xizmat ko`rsatish uchun qulayliklar oshiriladi. Shuningdek, terminalga yondosh hududlar obodonlashtiriladi.
Davlatimiz rahbari ushbu qurilish va obodonlashtirish ishlarini ko`zdan kechirdi. Yo`lovchilarga xizmat ko`rsatishni yaxshilash va tezkorligini oshirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.
Shuningdek, mutasaddilarning iqtisodiy va ijtimoiy soha ob`ektlarining kuz-qishga tayyorgarlik holati yuzasidan hisoboti tinglandi. Bu boradagi ishlarni jadallashtirish va sifatli yakunlash yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.